O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar.

Mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning barcha sohalari va yo‘nalishlarini qamrab olgan alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

— Keng delegatsiyangiz bilan O‘zbekistonga amalga oshirayotgan davlat tashrifingizni yurtimiz va mintaqamiz bilan ko‘p qirrali hamkorlik rivojiga katta e’tiborning yana bir tasdig‘i sifatida qabul qilamiz, — dedi prezident.

Muzokaralar chog‘ida kelgusi 3 yil uchun O‘zbekiston-Koreya alohida strategik sherikligining yangi yuqori texnologiyali kun tartibini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari buni “Ikki mamlakatning yuqori texnologiyali va innovatsion hamkorligining yangi davri” deb e’lon qilish tashabbusi bilan chiqdi.

Shu munosabat bilan hukumatlarga O‘zbekistonda mintaqaviy yuqori texnologik hab yaratish bo‘yicha strategik dasturni tayyorlash topshirildi.

Ayni paytda strategiyaning tub yo‘nalishlari sifatida bir qator ustuvor sohalarda hamkorlik qilish taklif etildi.

Birinchidan, o‘ta muhim mineral resurslar sohasidagi hamkorlik. Bu resurs bazasini chuqur qayta ishlagan holda qo‘shilgan qiymatning to‘liq zanjirini yaratishni nazarda tutadi.

Ikkinchi. Koreya Respublikasi an’anaviy ravishda global yetakchilardan biri hisoblangan yarimo‘tkazgichlar sohasida strategik hamkorlik. Bu borada mamlakatda mintaqada birinchi yaxlit ilmiy-ishlab chiqarish klasterini barpo etish rejalashtirilgan.

Uchinchi. Kimyo sanoatida keng ko‘lamli hamkorlik. “Yashil” vodorod va ammiak ishlab chiqarish, shuningdek, tayyor rezina-texnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar tayyorlangan.

To‘rtinchi. Mashinasozlikda kooperatsiyani chuqurlashtirish. Joriy yil bahorida Jizzax viloyatida KIA avtomobillarini yig‘ish liniyasini ishga tushirildi. Kelgusi yilda yiliga 60 mingdan ortiq sedan ishlab chiqarishni boshlash rejalashtirilgan.