Germaniya shaharlari mezbonligidagi Yevropa chempionatida 2-tur o‘yinlari davom etadi. Bugun, 20 iyun kuni yana uchta o‘yin o‘tkaziladi. Ulardan biri – finaldan oldingi final maqomiga ega.

Sloveniya — Serbiya: prinsipial uchrashuv (18:00/ Zo'rTV)

Sloveniyaliklar birinchi turda nomdor raqib bo‘lgan daniyaliklarga yutqazmasdan, shov-shuv ko‘targandi. Irodali durangdan keyin (1:1) Delo gazetasi milliy jamoa «Germaniyadagi orzu tomon birinchi qadamni tashlagani» haqida yozdi. Bu balandparvoz gapdek eshitiladi, ammo Matyaj Kek shogirdlari chindan ham pley-offga yo‘llanma olish imkoniyatiga ega.

«Birinchi o‘yinda u qadar ilojsiz emasligimizni his qilganimizdan keyin biz chinakamiga o‘ynay boshladik», — degan Kek.

Dragan Stoykovich jamoasi esa dovruqli Angliyaga qarshi ikki xil bo‘lim namoyish etgandi. Birinchi bo‘limda gol urib olgan inglizlar o‘yinni tejamkor rejimda davom ettirishdi. Tanaffusdan keyin Tadich maydonga tushganida o‘yin kartinasi o‘zgardi va serblar ishonchli harakat qila boshlashdi va raqib darvozasi atrofida qator vaziyatlar yaratildi, ammo hisobni tenglashtirishning imkoni bo‘lmadi. O‘yindan keyin Dushan murabbiy uni boshlang‘ich tarkibda tushirmaganidan norozi bo‘lib, uni matbuot orqali tanqid qilib chiqdi. Ammo bu allaqachon hal qilingan kichik mojaro: sardor murabbiydan uzr so‘ragan.

Serbiya milliy jamoasi lageridagilar Sloveniyaga qarshi o‘yinni — guruh bosqichidagi hal qiluvchi o‘yin deb hisoblashmoqda. Jamoa Myunxenda uch ochkoga ega bo‘lish uchun bor kuchini tashlaydi.

O‘yindan oldingi matbuot anjumanida Stoykovich va Mitrovich Yevro-2000 guruh bosqichida Sloveniya va Yugoslaviya o‘rtasida kechib, 3:3 hisobida yakunangan aql bovar qilmas o‘yinni eslashdi. Milliy jamoa bosh murabbiyi o‘shanda futbolchi sifatida zaxiradan tushgan, Mitrovich esa o‘z kumirlarini televizor orqali kuzatgan. Hujumchi bu safari o‘yin ham shu kabi yodda qolarli bo‘lishiga umid bildirdi. Bolqon derbisi ikkinchi turning haqiqiy bezagi bo‘lishi kutilmoqda.

Serblarning bu safargi raqibi ko‘proq bo‘shliqlar qoldirishi tayin. Jamoaning ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q: mag‘lubiyat amalda Serbiyani pley-offga chiqish imkoniyatidan mahrum etadi. Ammo Sloveniyaga ham g‘alaba lozim: 3-turda Angliyaga qarshi o‘ynash kerak bo‘ladi va u yerda ochko olish uchun deyarli imkoniyat bo‘lmaydi.

Daniya — Angliya: Keyn gol uradimi? (21:00 / Zo'rTV)

Britaniyalik jurnalistlar Serbiya ustidan kichik hisobda g‘alaba bilan kifoyalangan Garet Sautgeytni ayovsiz tanqid qilishdi. Ularni qisman tushunish mumkin: murabbiy o‘z ixtiyorida Keyn, Bellinghem, Saka, Foden, Palmer, Rays, Aleksander-Arnold kabi hujumkor futbolchilar borligiga qaramay, natija uchun o‘ynashni tanladi va hisob ochilganidan keyin hujum qilishni to‘xtatdi. Daniyaliklarga qarshi o‘yinda ham ko‘p narsa o‘zgarishi dargumon, muxlislarni kurashlarga boy, lekin pragmatik futbol kutayotgani ehtimoli yuqori.