20 iyun kuni 2024 yilgi Yevropa chempionatining yettinchi kunida B va C guruhlarida jami uchta o‘yin bo‘lib o‘tdi. Siyosiy mojaro bilan o‘ralashib qolgan serblar oxirgi soniyalarda hisobni tenglashtiruvchi golni urishdi, inglizlar pragmatik o‘yinini namoyish etishda davom etmoqda, ispanlar turnir g‘olibligi uchun asosiy favoritlar qatorida ekanini yana bir bor isbotlashdi.

Sloveniya — Serbiya: yugoslav derbisida yana durang

C guruhi. 2-tur
Sloveniya – Serbiya 1:1
Gollar: 1:0 – 69 Karnichnik, 1:1 – 90+5 Yovich.
Sloveniya – Oblak, Stoyanovich (Verbich, 76), Karnichnik, Drkushich, Biyol, Yanja, Gnezda-Cherin, Elshnik (Brekalo, 90), Shporar, Sheshko (Vipotnik, 76), Mlakar (Gorens-Stankovich, 64).
Serbiya – Raykovich, Velkovich, Milenkovich, Pavlovich, Mladenovich (Gachinovich, 46), Lukich (Milinkovich-Savich, 64), Ilich, Jivkovich (Birmanchevich, 82), Tadich (Samardjich, 82), Mitrovich, Vlaxovich (Yovich, 64).

Bu safargi Yevropa chempionatida ham sport siyosatdan xoli bo‘lmayapti. Sloveniyaga qarshi o‘yin oldidan shovqin ko‘tarildi — avvaliga Serbiya futbol federatsiyasi so‘rovi bilan UYeFA albaniyalik jurnalistning akkreditatsiyasini bekor qilishiga to‘g‘ri keldi, chunki u serbiyalik fanatlar tomon burgut qanotlari shaklidagi siyosiy jyest ko‘rsatgandi. Buning ortidan yanada keng ko‘lamli mojaro kuzatildi — Xorvatiya va Albaniya o‘yinida ikki jamoa muxlislari «serblarni o‘ldirish»ga chaqirishdi.

Serbiya futbol federatsiyasi agar bu muxlislarga chora ko‘rilmasa, turnirni tark etish bilan tahdid qildi, ammo baribir sloveniyaliklar bilan o‘yinni o‘tkazish kerak edi.

Va serblar maydonga tushishdi. Betaraf muxlislar uchun yoqimli jamoaga aylangan Sloveniya bu safar ham o‘zidan kuchliroq sanalgan raqibga nisbatan yaxshiroq o‘ynadi. Jamoa o‘yinni to‘liq nazorat qildi va 69-daqiqada Jan Karnichnik Timi Elshnikning uzatmasidan hisobni ochdi. Serbiya esa butun o‘yin davomida raqib jarima maydoniga kira olmadi. Hisob faqat qo‘shib berilgan daqiqalar tugayotganida urildi. Ivan Ilichning burchakdan oshirib bergan to‘pini Luka Yovich bosh bilan darvoza to‘riga yo‘lladi va serblarni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Bu gol Yevro tarixida natijaga ta’sir qiluvchi eng kech urilgan golga aylandi.

Serbiyani oldinda Daniya kutmoqda. Agar skandinavlar ustidan g‘alaba qozonilmasa, guruhdan chiqish uchun imkoniyat bo‘lmaydi. Qolaversa, bolqonlar daniyaliklarga qarshi o‘yinga xotirjam tayyorlanishi ham qiyin, jamoa atrofida keskinlik kuchayib bormoqda.