Respublika Ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida miniinvaziv kardioxirurgiya bo‘limi boshlig‘i, sohada 24 yillik tajribaga ega kardiojarroh Islom Sharipov tanadagi eng nozik a’zo – yurak xastaliklari va ularning kelib chiqishi, oldini olish choralari haqida o‘z tavsiyalarini berdi.

28 yoshida infarkt bilan murojaat qilganlar bor

Bugun yurak xastaliklari orasida eng ko‘p tarqalgani yurak ishemik kasalligi hisoblanadi, bu kasallikka asosiy sabab yurakni ta’minlovchi qon tomirlarda blyashkalar rivojlanib, qon oqimini pasaytirib yuboradi. Ishemiyaning keyingi bosqichi stenokardiya bo‘ladi, qon tomirlar ko‘proq yopilib qoladi, infarkt bilan tugab, o‘limga ham olib kelishi mumkin.

Ikkinchi o‘rinda orttirilgan yurak nuqsonlari. Bir qismi revmatik kasallik, bir qismi esa ko‘p yil yashagani sabab (degenerativ o‘zgarishlar oqibatida) kelib chiqadigan kasalliklar.

Uchinchisi esa tug‘ma yurak nuqsonlari. Bunday bemorlar yoshligida korreksiya bo‘ladi, ba’zi hollarda bilmay yurgan 18 yoshdan kattalar ham bo‘ladi.

Ishemik kasallik asosan 40 yoshdan katta odamlarda uchraydi, kardioxirurgiyaga yetib keladigan yoshi 60-65 yosh atrofida bo‘ladi. Lekin oxirgi yillar stenokardiya, infarkt bo‘lgan bemorlar yoshi pasayib boryapti, 28 yoshida infarkt bilan murojaat qilganlar bor. Umuman, 28-30 yoshdagi bemorlar uchrab turadi.

Miniinvaziv jarrohlik ommalashuvi

Ilk miniinvaziv jarrohlik amaliyotini 2005-2006 yillarda boshlaganmiz. Oxirgi 3 yildan beri videotorakoskopik usulga o‘tdik, 3,5-4 sm kesish orqali jarrohlik amaliyotlari bajaryapmiz.

Hozirgi kunda miniinvaziv jarrohlik asosan qovurg‘alar orasidan kesib, hech bir suyakka ziyon yetkazmasdan yurak operatsiyasi o‘tkaziladi. Torakoskop, 3D tasvir, yordamchi robot ko‘magida miniinvaziv jarrohlik amaliyotlarini bajarish tarqalgan.

Markazimizda 3 yildan beri miniinvaziv jarrohlik dasturini rivojlantirib kelyapmiz. Birinchilardan bo‘lib 3D torakoskop apparatini olib keldik, mutaxassislarimiz Avstriya, Shveytsariyada italiyalik, amerikalik mutaxassislar bilan tajriba almashib keldi.