Slovakiya — Ukraina: xatodan saboq chiqarilganmi? (18:00/ Zo'rTV)
Ruminiyadan uchralgan qaqshatqich mag‘lubiyatdan (0:3) keyin Sergey Rebrov jamoani tetiklashtirish uchun katta ehtimol bilan boshlang‘ich tarkibda o‘zgarishlar qiladi. Darvozada o‘tgan o‘yinda gollarga sabab bo‘lgan xatolarga yo‘l qo‘ygan Lunin o‘rnini Trubin egallashi mumkin. Shuningdek, 22 yoshli Brajkoga imkoniyat berilishi ehtimoli katta. Mikolenko jarohatidan tiklanishda davom etmoqda, shuning uchun hamon chap qanot himoyachisi pozitsiyasi muammoli bo‘lib qolmoqda. Zinchenko uning o‘rnini ishonchli bosa olmadi.
Ukrainlarni g‘alabadan boshqa hisob qoniqtirmaydi. Ular so‘nggi turda Belgiyaga qarshi o‘yinda g‘alabadan umid qilishi qiyin. Barchasi «sariq-ko‘klar» ruminlar zarbasidan qanchalik o‘ziga kela olganiga bog‘liq.
Slovakiya esa ayni vaqtda kurajni ushlagan. Bu jamoa kvartetning asosiy favoriti ustidan g‘alaba qozonishini deyarli hech kim kutmagandi. Ammo hali bayram qilishga erta.
Jamoa o‘tgan Yevrodagi xatoni takrorlamasligi kerak bo‘ladi. Uch yil muqaddam dastlabki turdagi g‘alaba ortidan ikki mag‘lubiyat qayd etilgandi va jamoaning turnirdagi ishiroki erta yakunlangandi. Bu safar slovakiyalik muxlislar sevimli futbolchilari ishga boshqacharoq yondashishi va yaxshiroq natijaga erishishiga ishonmoqda.
«Belgiya ustidan qozonilgan g‘alabadan keyingi eyforiya bir necha soat davom etdi, ammo uch ochko guruhdan chiqish uchun yetmasligi aniq. Hozircha bayram qilishga sabab yo‘q. Biz bor e’tiborni Ukraina bilan o‘yinga qaratganmiz», — degan jamoa ustozi Franchesko Kalsona.

Polsha — Avstriya: hech qanday do‘stlik yo‘q (21:00. Polsha — Avstriya / Zo'rTV)
Polyaklar va avstriyaliklar birinchi turda yulduzli raqiblarga – mos ravishda niderlandlar va fransuzlarga yutqazgandi, ammo o‘zining dadil futboli uchun maqtovlarga sazovor bo‘lgandi. Polyaklar bu o‘yinga kayfiyati ko‘tarilgan holda yetib keldi, chunki jamoa yetakchisi, birinchi turni jarohat tufayli o‘tkazib yuborgan Levandovski safga qaytishi kutilmoqda. Boshlang‘ich tarkibda Robert borligida va yo‘qligida — Polsha ikki xil jamoa bo‘ladi.
Bu o‘yinda ikki jamoaga ham g‘alaba zarur, durang ham hech kimni qoniqtirmaydi. So‘nggi turda Avstriya Niderlandiya bilan, Polsha — Fransiyaga qarshi o‘ynaydi. Bu o‘yinlarda ochko olish imkoniyati esa haddan tashqari past. Shuning uchun ikki jamoa ham bor kuchini juma kungi o‘yinlariga tashlaydi.


















