O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti oldidan, 21 iyun kuni savdo va umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlar uchun ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi a’zosi, soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov bir qator takliflarni ilgari surdi. Mutaxassis Kun.uz'ga bergan intervyusida muloqotda bildirgan takliflariga batafsil to‘xtaldi.

Uning fikricha, umumiy ovqatlanish korxonalariga ofitsiant xizmatini ko‘rsatuvchi xodimlar va boshqa qo‘nimsizligi yuqori bo‘lgan xodimlarni (farrosh, qorovul, idish yuvuvchi va hokazo) ishga jalb etishning soddalashtirilgan tartibi ishlab chiqilishi kerak.

“Shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalariga har kunlik naqd pul tushumlarini ONKMga kirim qilish sharti qat’iy ekani ta’kidlangan holda, savdodan tushgan naqd pullar hisobidan xodimlar uchun ish haqi to‘lab berilishi, shuningdek, faoliyat zarurati uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xarid qilib, bir tomonlama xarid dalolatnomasi orqali kirim qilinishiga ruxsat berilishi lozim”, – deydi u.

Murod Muhammadjonov

Murod Muhammadjonovga ko‘ra, kirim qilingan uy xo‘jaligida yoki dehqon xo‘jaligida yetishtirilgan dehqonchilik mahsulotlarini sotishdan olingan daromadlar Soliq kodeksining 378-moddasi birinchi qismi 8-bandiga asosan soliq solinmaydigan daromadlar etib belgilangan. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha ta’minotchi sifatida o‘zini o‘zi band qiluvchi jismoniy shaxslar uchun alohida faoliyat ham belgilangan.

“Shu sababli ushbu dehqon bozorlaridan xarid qilingan dehqonchilik mahsulotlari kirimi bo‘yicha manbasini talab qilish va bu mahsulotlar bo‘yicha jismoniy shaxslar daromad solig‘i qo‘llash amaliyotini to‘xtatish orqali umumiy ovqatlanish korxonalariga erkin ishlash sharoitini yaratishni taklif qildim”, – deydi u.

Soliq maslahatchisining ta’kidlashicha, umumiy ovqatlanish korxonalarida hisobga olinadigan QQS summalari deyarli bo‘lmagani sababli umumbelgilangan soliqlar boshqa QQS bo‘yicha hisobga olinadigan summalari mavjud tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan soliq yuki og‘irlik qiladi.

“12 foizlik QQS va 15 foiz foyda solig‘i bilan ularga soliq yuki 27 foizga tushyapti. Shu sababli ular uchun teng raqobatli sharoit yaratish maqsadida nisbatan soddalashgan soliq tizimini ishlab chiqishni taklif qildim. Masalan, QQS to‘lanishi saqlab qolgan holda foyda solig‘idan nol stavkani qo‘llash. Bunda barcha sharoitlar yaratilgan taqdirda ham soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash maqsadida savdo tushumlarini ONKMga kirim qilmagan sub’yektlarga nisbatan moliyaviy jazo choralarini kuchaytirish masalalari taklif qilinadi”, – deydi u.