2024 yilda dunyo milliarderlarning umumiy soni 2781 nafarga yetgan. Bu rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Barcha milliarderlarning deyarli to‘rtdan bir qismi oltita mamlakatning 10 ta shahrida yashaydi. AQShning Forbes jurnali dunyoning eng boy odamlarini jalb qilish markaziga aylangan megapolislar ro‘yxatini e’lon qildi.
Eng ko‘p milliarderlar yashaydigan shaharlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni Nyu-York egalladi. AQShning eng yirik shahrida 110 nafar milliarder istiqomat qiladi, ularning umumiy boyligi 694 milliard dollarga baholangan.

Nyu-York ketma-ket 7 yil davomida milliarderlarning asosiy markazi bo‘lgan edi. 2021 yilda Pekin peshqadamlikni qo‘lga kiritdi. Ammo Xitoy yetakchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. 2022 yilda Nyu-York birinchi o‘rinni qaytarib oldi va uni ushlab turibdi.
Ikkinchi va uchinchi pog‘onalarda Moskva va Hongkong joylashgan. Ushbu shaharlarning har birida 74 nafardan milliarder yashaydi. O‘tgan bir yil davomida Moskva va Hongkongda mega boylarning soni mos ravishda 12 va 4 nafarga oshgan. Rossiya poytaxtida milliarderlar sonining keskin o‘sishi 2022 yildagi iqtisodiy tanazzulning asta-sekin yumshab borayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.


Mumbay ham o‘tgan yilgi reytingda 7-o‘rinni egallagan bo‘lsa, bu yil 4-o‘ringa sakrashga erishgan. O‘tgan davr mobaynida shaharda yashovchi milliarderlar soni 13 kishiga ko‘paygan.

Kuchli o‘ntalikdan o‘z o‘rnini yo‘qotgan shaharlardan biri Shenjyen bo‘ldi. O‘tgan yili ro‘yxatda 8-o‘rinni egallagan shaharda istiqomat qiluvchi milliarderlar soni 17 nafarga kamayib, Shenjyen 12-o‘ringacha tushib ketdi.
Joriy yilgi reytingda Forbes 2781 nafar milliarderdan 59 nafarining asosiy yashash joyini aniqlay olmagan.








