Rossiya qo‘shini Ukraina mudofaasidagi zaif nuqtalarni izlamoqda. Ammo ekspertlar ularning hujum salohiyati susayib borayotganini payqashgan. BBC Ukraina xizmati sharhlovchisi Oleg Chernish frontdagi so‘nggi voqealarni tahlil qildi.

O‘tgan haftalar davomida Rossiya armiyasi muvaffaqiyatga erisha olmadi. Ammo u Toretsk atrofida yangi front ochib, Ukraina qurolli kuchlari mudofaasida bo‘shliq topishga urinib, bir necha uchastkalarda asta-sekin yurishni davom ettirmoqda.

Harbiy ekspertlar ta’kidlashicha, yurish sur’atini saqlab qolishi uchun Rossiyaga qo‘shimcha zaxiralar kerak bo‘ladi. Shuningdek, rossiyaliklar o‘t ochish qudratini yo‘qotayotgani belgilari ham ko‘zga tashlanmoqda.

Ozarboyjonlik tahlilchi Oqil Rustamzoda shunga e’tibor qaratgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, g‘arbdan olingan artilleriya snaryadlari Ukrainaga 1 ga 5 (bitta artilleriya zarbasiga Rossiya beshta bilan javob qaytarishi mumkin edi) nisbatidan 1 ga 3 uch nisbatiga chiqishga imkon bergan.

«Frontdagi vaziyat Ukrainaning o‘q otish kuchi bo‘yicha ustunligi tomon o‘zgara boshladi. Ukraina armiyasining to‘yinganlik dinamikasiga qarab, bu jarayon bir hafta yoki bir oy davom etishi mumkin. Lekin hozirdanoq Rossiya armiyasi yurishi sur’atlari pasayayotgani sezilib turibdi», — degan ekspert.

Rossiyaning eng kuchli quroli yo‘naltiriluvchi aviabombalar bo‘lib qolmoqda, ular kuniga yuztagacha qo‘llanmoqda.

Ukraina armiyasi hamon kadrlar muammosini boshdan kechirmoqda, shuningdek g‘arbning va’da qilingan yordamini to‘liq olgani yo‘q, jumladan o‘q-dori va samolyotlarni. Bu Kiyevga o‘z qarshi hujum amaliyotlarini boshlashiga xalal bermoqda.

Ukraina qurolli kuchlari rossiyaliklarni Chasiv Yar chekkalaridan siqib chiqarishga erishgan. Foto: EPA

Toretskka yurish

Rossiya qo‘shinining iyun oyidagi asosiy muvaffaqiyati Toretskka yurish boshlanishi bo‘ldi. 19 iyun kunidan buyon ular taxminan 2 km masofaga ilgarilab, shahar atrofidagi hududlarni — Severne va Shumi posyolkalarini egallagan.

Bu kichik ilgarilashni yutuq deb atash mumkin, chunki rossiyaliklar 2014-15 yillardan buyon mudofaa uchun tayyorlangan uchastkani ortda qoldirdi.