Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida, 4 iyul kuni sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda so‘zga chiqqan sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov Sirdaryoda sinovdan o‘tkazilgan davlat tibbiy sug‘urta tizimi konsepsiyasi muvaffaqiyatsiz bo‘lganini aytdi. “Sirdaryodagi davlat sug‘urta tizimi konsepsiyasini biz boshqa joylarga tatbiq eta olmaymiz”, dedi u va buning sabablarini izohladi.
“Sug‘urta tizimiga o‘tishimiz shart, bu sog‘liqni saqlash tizimining kelajagini belgilab beradi. To‘g‘ri, qiyinchilik bo‘ladi, xatolar bo‘ladi. Birorta davlat bunga silliqqina o‘tmagan. Turkiyada 12-15 yil vaqt talab qilingan sug‘urta tizimiga o‘tishga. Taymaut qilish uchun, o‘zimni himoya qilish uchun aytayotganim yo‘q, bu yerda mutaxassislar, moliyachilar o‘tiribdi.
Prezident topshiriq bergan, sug‘urta tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishimiz kerak. Bu yil Toshkent shahrida va yil oxirida Qoraqalpog‘iston Respublikasida yangi tamoyil bo‘yicha [sinovdan] o‘tkazamiz. Bu yerda nimaga e’tibor beramiz? Kafolatlangan paket belgilanishi shart, qaysi ko‘lamda va ixtisoslashgan bo‘g‘imda yordam ko‘rsatamiz? Ikkinchisi, tartib-qoidalar, eng ko‘p uchraydigan kasalliklar, tarifikatsiya – hammasini ko‘ramiz.
Sirdaryo viloyatidagi qilgan xatomiz shundan iborat bo‘ldiki, talab o‘rganilmagan, moliyaviy hajm bilan aholi talab qiladigan hajmning nomutanosibligi yuzaga kelgani uchun moliyaviy tomondan muammo bo‘lgan. Bundan tashqari, raqamlashtirish masalasida katta muammo yuzaga kelgan. Raqamlashtirishsiz sug‘urtani rivojlantirib bo‘lmaydi”, – dedi vazir.
Tibbiy sug‘urta tizimi joriy yil Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida pilot tariqasida yo‘lga qo‘yiladi, 2025 yilda yana 5 ta hudud, 2026 yilda esa to‘liq respublika bu tizimga o‘tishi kerak.
“Sug‘urta tizimi xususiy sektor uchun ham juda qo‘l keladi. Chunki sug‘urta fondiga ajratilgan pul bemorning orqasidan yuradi, ya’ni u davolangan muassasaga pul boradi. Yaxshi xizmat qilgan joyga pul boradi, raqobat yuzaga keladi. Busiz rivojlanishning imkoniyati yo‘q”, – dedi Xudoyorov.
SSV rahbarining ta’kidlashicha, poliklinikalar va retseptlarni raqamlashtirish bo‘yicha Raqamlashtirish vazirligining “O‘zinfocom” tashkiloti bilan ishlanyapti.
“Buni ham qiyinchiliklar bilan bo‘lsa-da, inventarizatsiyasi boshlandi. Toshkent shahrida pilot tariqasida bir nechta poliklinalarda qildik. Yil oxirigacha elektron poliklinika, elektron statsionar, elektron retsept tizimlarini to‘liq yo‘lga qo‘ymoqchimiz”, – dedi u.















