So‘nggi 20 yilda Xitoy qurilish sohasida juda katta yutuqlarga erishdi. Ayniqsa tezyurar poyezd va avtomobil yo‘llari qurilishida ulkan natijalarga erishdi.

Bugun Xitoyda avtomobil yo‘llari o‘tgan 300 mingta ko‘prik bor. Ularning mingdan oshig‘i 1 kilometrdan uzun. Umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo‘llari bo‘yicha Xitoy AQSh va Hindistondan keyingi uchinchi o‘rinda turadi.

Tez harakatlansa bo‘ladigan yo‘llar bo‘yicha esa Xitoy dunyoda mutlaq yetakchi. Bunday tezkor yo‘llarning asosiy qismi so‘nggi yigirma yilda qurildi. Bu borada xitoyliklar “yangi Amerika kashf etishmadi”.

Shunchaki hukumat iqtisodiyotning o‘sishi hisobiga yo‘llarda yuk tashish hajmi oshayotgani, avtosanoat rivojlanib, yo‘llarda mashinalar ko‘payganini inobatga olib yo‘llar qurdi.

Bundan bir necha kun oldin Xitoyda tez harakatlanish mumkin bo‘lgan yana bir avtomobil yo‘li foydalanishga topshirildi. Bu yo‘l dunyodagi 10 ta rekordni yangiladi.

Qariyb 7 milliard dollar sarflangan ushbu loyiha qurilishi 2017 yilda boshlangandi. Shu tariqa, 6,8 km uzunlikdagi tunnel va 17,2 km uzunlikdagi ikkita ko‘prik Shenchjyen va Chjunshan shaharlarini eng qisqa yo‘l orqali bog‘ladi.

Yo‘ldan tashqari yana ikkita sun’iy orol va so‘nggi innovatsiya loyihalari asosida dunyodagi birinchi avtomobil yo‘lini aeroport bog‘lovchi suvosti tuguni qurildi.

Natijada endi ikkita yirik iqtisodiy markaz orasidagi yo‘lni to‘rt barobar tezroq — atigi 30 daqiqada bosib o‘tish mumkin.

Ikki shaharni bog‘lovchi yangi avtomobil yo‘li ular joylashgan Guandun provinsiyasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga katta foyda keltirishi aytilmoqda.

Foto: zakordon.24tv.ua/

Mazkur yo‘lni qurib, Xitoy o‘zining innovatsion yondashuvi bilan jahonni yana bir bor lol qoldirdi. Xitoylik quruvchilar juda murakkab loyihani amalga oshirdi va ko‘prik hamda tunnel qurish bo‘yicha dunyoda eng ilg‘or ekanini isbotladi.

Loyihani amalga oshirishda xavfsizlik masalalariga jiddiy e’tibor qaratilgan. Jumladan, tunnel qurilishida yong‘in o‘chirish va tutunni yo‘qotishning innovatsion tizimlari joriy etilgan.

Yangi yo‘l bu yerda yashovchi odamlarning uzog‘ini ancha yengil qilishdan tashqari, hududning iqtisodiy rivojlanishi uchun muhim hissa qo‘shishi aytilmoqda.