Xitoy hududi 9 598 962 kilometr kvadrat bo‘lib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha u dunyoda 4-o‘rinni egallaydi. Mamlakat 14 ta davlat bilan quruqlikda, yana bir qancha davlatlar bilan suvda chegaradosh.

Xitoy o‘zi bilan chegaradosh bo‘lgan davlatlarning barchasiga hududiy da’volar qiladi. Aslida bu da’volar 1949 yil Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgandan buyon saqlanib qolmoqda.

Agar Xitoy tarixiga nazar tashlansa u hududiy da’volar tufayli chegaradosh davlatlar bilan juda ko‘p marta qurolli to‘qnashuvlar sodir etgan. Shu jumladan yaqin ittifoqchisi SSSR bilan ham.

“Chin yurti”ning sovetlar bilan to‘qnashuvlari Stalin vafotidan keyin boshlangan. Gap shundaki, o‘sha paytlarda Xitoy rahbari Mao Tszedun va SSSR rahbari Iosif Stalin do‘stona munosabatda bo‘lgan.

Shu sababli urushdan so‘ng SSSR Xitoyning rivojlanishi uchun bu mamlakatga turli mutaxassislarni yuboradi. Iqtisodiy va moliyaviy yordam beriladi.

Biroq 1953 yil 5 martda Stalin vafot etgach vaziyat o‘zgaradi. “Dohiy”dan so‘ng SSSRni boshqargan Nikita Xrushchyov 1956 yilda partiyaning XX s’yezdida “Shaxsga sig‘inish va uning oqibatlari” haqidagi ma’ruzasida Stalin davrida qilingan ishlarni keskin qoralaydi. “Xalqlar dohiysi” deb ta’riflanadigan Stalinning o‘zini “qonxo‘r va zolim edi” deb ataydi.

Shundan so‘ng sotsialistik lagerga kiruvchi ayrim davlatlar rahbarlari SSSRdan uzoqlasha boshlashadi. Stalin qoralanganidan xafa bo‘lganlardan biri Albaniya rahbari Anvar Xo‘ja bo‘lsa, yana biri Xitoy rahbari Mao Tszedun edi. Shundan so‘ng SSSR va Xitoy munosabatlari soviy boshlaydi.

Oqibatda har ikki davlat o‘rtasidagi hududiy mojarolar yana qo‘zg‘aladi va bir necha marta qurolli to‘qnashuvlar, janglar bo‘lib o‘tadi. 1969 yilda Ussuri daryosidagi Daman oroli hamda Qozog‘istondagi Jalanashko‘l ko‘li va uning atrofidagi yerlar uchun bo‘lib o‘tgan qurolli mojarolar shular jumlasidan edi.

Daman oroli

Hodisa xronologiyasi

1969 yil 2-15 mart kunlari Ussuri daryosida joylashgan Daman oroli uchun Xitoy va SSSR harbiylari o‘rtasida qurolli mojaro bo‘lib o‘tadi. Bu to‘qnashuvlarda sovet tomoni g‘alaba qozonadi.

Bo‘lib o‘tgan janglarda Xitoy tomoni 1 000 nafarga yaqin harbiydan ayrilgan. Yana ko‘plab jangchilar yaralangan. Sovetlar esa 100 nafar atrofida harbiylarini yo‘qotgan va yana shunchasi yarador bo‘lgan.