Jamiyat | 17:18 / 08.07.2024
9035
2 daqiqa o‘qiladi

Bekobodda 5-qavatdan tushib ketib vafot etgan ayolning eri sudlanadi

Sudlanuvchi turmush o‘rtog‘ini o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazganlikda ayblanyapti. U avval ham qiynash, ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish hamda talonchilik kabi jinoyatlar uchun sudlanib, ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tab chiqqan.

Foto: Kun.uz

Joriy yil 27 mart kuni Bekobodda 5-qavatdan tushib ketib vafot etgan 28 yoshli ayolning o‘limi bilan bog‘liq holat yuzasidan tergov ishi yakunlanib sudga oshirilgan. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov Kun.uz'ga ma’lum qildi.

“Dastlabki tergov organi tomonidan aniqlanishicha, ayolning turmush o‘rtog‘i uni arzimas sabablar bilan urib, qiynab, rahmsiz muomala qilib, sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitib kelishi, turmush o‘rtog‘ining kuchli ruhiy tushkunlikka olib kelgani oqibatida jismoniy va ruhiy tayziqlariga chiday olmagan N.Xamrayeva 2024 yil 27 mart kuni soat 21:30larda mazkur yashash xonadonining derazasi (5-qavat)dan o‘zini tashlab o‘z joniga qasd qilgan” deyiladi Oliy sud xabarida.

Bekobodlik D.X. turmush o‘rtog‘ining o‘limiga sababchi sifatida ko‘rilmoqda. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan ayb e’lon qilingan.

JIB Bekobod tuman sudi yurituvidagi ishni ko‘rib chiqish 2024 yil 9 iyul kuni soat 16:00 ga belgilangan.

Kun.uz ixtiyorida mavjud hujjatdan ko‘rinishicha sudlanuvchi bundan avval ham sudlangan. U 2013 yilda JKning 110-moddasi 2-qismi “a” bandi (voyaga yetmagan shaxsni qiynash), 136-moddasi (Ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish), 166-moddasi 3-qismi “a” bandi (Talonchilik) bilan aybdor deb topilib, 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan, amnistiya munosabati bilan jazoning uchdan bir qismi (bir yarim yil)ni o‘tab chiqqan.

Mavzuga oid