Fransiya parlamentiga saylovlarda hech bir partiya 50 foizdan ko‘p o‘rin olmadi, endi hukumatni shakllantirish uchun koalitsiya tuzishga to‘g‘ri keladi. Ichki siyosatni yuritishda bosh vazirning o‘rni katta va u prezidentga emas, parlamentga hisobdor, shu sababli agar yangi bosh vazir Makronning partiyadoshi bo‘lmasa, Fransiya shartli ravishda parlament respublikasiga aylanadi, deydi Kun.uz bilan suhbatda tahlilchi Humoyun Boboyev.
Fransiyada 30 iyun kungi parlament saylovlarining 1-turida hech bir partiya 50 foizdan ko‘p o‘rinni ololmagan edi. Shu sababli 7 iyul kuni 2-tur bo‘lib o‘tdi.
Ko‘pchilik 1-turda eng ko‘p ovoz olgan muxolifatchi Marin Le Penning partiyasi g‘alabasini taxmin qilgandi. Ekzit-poll natijalari ham shuni ko‘rsatgan.
Lekin birinchi o‘rinni so‘llar va yashillarning alyansi – “Yangi xalq fronti” egalladi. Ikkinchi o‘rinni – amaldagi prezident Makron boshchiligidagi markazchilar, ya’ni parlamentdagi yakkahukmronligini boy bergan “Birgalikda” bloki band etdi. O‘ta o‘ngchilar Marin Le Pen va Jordan Bardellaning “Milliy birdamlik” (yoki “Milliy birlashuv”) partiyasi uchinchi bo‘ldi.
Saylov natijalari e’lon qilingach, hukumat rahbari – shu yil yanvarida Fransiya bosh vaziri etib tayinlangan Gabriyel Attal iste’foga chiqishini ma’lum qildi.
Emmanuel Makron navbatdan tashqari saylovni Yevroparlamentga bo‘lgan saylovlarda Fransiyadan o‘ta o‘ngchilar g‘alaba qozonishi ortidan e’lon qilgan edi. “Paris-Nanterre” universiteti magistranti Humoyun Boboyevning Kun.uz bilan suhbatda aytishicha, prezident puxtalik bilan saylovda o‘ta o‘ngchilar g‘alabasiga qo‘yib berishni istagan bo‘lishi mumkin. Bu esa 2027 yilgi prezidentlik saylovida uning partiyasiga qo‘l kelardi.
“Prezident Makron xalq kim tomonida ekanini shu on aniqlaymiz, dedi. Lekin mana, saylovdan keyin u tanqidlar ostida. Chunki na hukumat tuzilishi, na kim bilan koalitsiya tuzish ma’lum emas. Shunday bo‘lsa-da, Makronning bu ishi to‘g‘ri. U agar saylovni o‘tkazmasa, navbatdagi uch yilni tanqidlar ostida yashardi. Xalq, media va ayniqsa, o‘ta o‘ngchilar uni qo‘rqoqlikda ayblardi.
Bundan tashqari, agarda o‘ta o‘ngchilar shu gal g‘alaba qozonganda 3 yil hukumatni boshqarar edi. 2027 yilga kelib esa Makron ularni hech nima qilolmaganlikda ayblardi”, – deydi Humoyun Boboyev
Endi fransuz siyosiy tizimi oldida koalitsion hukumat tuzish vazifasi turibdi. Bu esa oson emas.













