O‘zbekiston | 13:33 / 19.07.2024
2159
2 daqiqa o‘qiladi

Eron O‘zbekistonda pista yetishtirish loyihasini amalga oshiradi

Eronlik tadbirkor Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida pista yetishtirish loyihasini amalga oshirmoqchi.

Foto: Dunyo

Mamlakat elchixonasi ko‘magida Eronning Kirmon viloyatida pista yetishtirishga ixtisoslashgan yetakchi tadbirkorlardan biri va Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani mutasaddilari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi.

"Dunyo" xabariga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston elchisi Fariddin Nasriyev, Dehqonobod tumani hokimi Sherzod Shokirov va Eronda pista yetishtirishga ixtisoslashgan Kirmon viloyatida faoliyat yurituvchi yetakchi tadbirkor va soha mutaxassisi Javod Haydarpur ishtirok etdi.

Tomonlar Dehqonobod tumanida pista plantatsiyasini tashkil etish loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Hokim Sherzod Shokirov Eron vakillariga Dehqonobod tumanining savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati, geografik joylashuvi, transport infratuzilmasi hamda investorlar uchun taqdim etiladigan imtiyoz va yengilliklar to‘g‘risida batafsil so‘zlab berdi. Shuningdek, taklif etilayotgan loyiha yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.

Javod Haydarpur, o‘z navbatida Kirmon viloyatining savdo-iqtisodiy, qishloq xo‘jaligi va pista yetishtirish bo‘yicha salohiyati haqida ma’lumot berdi. Kirmon viloyatining Rafsanjon, Sirjon, Shahrbobak, Zarand, Kermon, Anor, Ravar kabi hududlari pista yetishtirish bo‘yicha eng yirik markazlar hisoblanadi. Ushbu hududlarda yiliga 200 ming tonnaga yaqin pista yetishtiriladi.

Eron tomoni, shuningdek, mazkur tarmoqda to‘plagan tajribani keng targ‘ib etish maqsadida taklif etilgan loyihani amalga oshirishga qiziqish bildirdi.

Onlayn muzokaralar yakunida mazkur loyihani amalga oshirishni boshlash maqsadida Eron vakillarining Qashqadaryo viloyatiga ishchi safarini tashkil etish to‘g‘risida kelishib olindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid