Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Xitoyga tashrif doirasida uch soatdan ortiq vaqt davomida xitoylik hamkasbi Van I bilan Rossiyaga qarshi urushda «adolatli tinchlik»ka erishish yo‘llarini muhokama qilgan. Rossiya nashrlari Kuleba boshqa gaplar qatorida Kiyev Moskva bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini aytganini xabar qilgan, ammo Ukraina TIV Rossiyadagilar vazirning so‘zlarini noto‘g‘ri talqin qilganini ta’kidlamoqda.

Dmitro Kuleba — 2022 yil fevralida Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon Xitoyga tashrif buyurgan ukrainalik eng yuqori martabali mulozim bo‘ldi.

«Muzokaralar yakunlandi. Bu jami uch soatdan ortiqroq vaqt, rejalashtirilganidan ko‘proq davom etdi. Bu juda chuqur va aniq gaplarga asoslangan suhbat bo‘ldi», — deya xabar bergan Reuters agentligiga ukrain delegatsiyasidagi manba.

Ukraina TIV bayonotiga ko‘ra, muzokaralardagi asosiy mavzu Rossiya agressiyasini to‘xtatish yo‘llarini qidirish va Ukrainada «barqaror va adolatli tinchlik»ka erishishda Xitoyning ehtimoliy roli bo‘lgan.

Ammo uchrashuvdan keyin Rossiyaning «RIA Novosti» davlat axborot agentligi Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakiliga asoslanib, Kuleba Van I bilan muloqot vaqtida Ukraina «Rossiya tomoni bilan muzokaralar olib borish»ga tayyorligini aytgani haqida xabar tarqatdi.

«Ukraina Xitoyning fikriga katta ahamiyat beradi hamda XXR va Braziliyaning mojaroni siyosiy jihatdan tartibga solish bo‘yicha olti banddan iborat konsensusini diqqat bilan o‘rganib chiqdi. Ukraina tomoni Rossiya bilan muzokaralar olib borishni xohlaydi va bunga tayyor», — deya uning so‘zlarini keltirgan «Vedomosti» Xitoy nashrlariga havola bergan holda.

Ammo Reuters va Ukrainadagi nashrlar mamlakat TIVning Kuleba Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Iga nimalar degani haqida bergan bayonotiga tayangan holda, Kiyev muzokaralarga «ma’lum shartlar bajarilgan» taqdirda tayyor bo‘lishi, hozir esa bunday emasligini xabar qildi.

Ukraina tashqi ishlar vazirligi vakili Georgiy Tixiy BBC Ukraina xizmatiga bergan izohida Rossiya nashrlari Dmitro Kulebaning so‘zlarini «buzib ko‘rsatgani» haqida aytgan.

«Dmitro Kuleba Ukrainaning izchil pozitsiyasini bayon qildi, bu esa Rossiya tomoni bilan ma’lum bosqichda, qachonki Rossiya o‘zaro hurmatga asoslangan muzokaralar o‘tkazishga tayyor bo‘lganida muzokara o‘tkazilishi mumkinligini nazarda tutadi, hozircha esa Rossiya tomonidan bunday tayyorlik ko‘zga tashlanmayapti», — deyilgan Ukraina TIV bayonotida.

Muzokaralar chog‘ida Kuleba shuningdek Ukrainada adolatli tinchlik o‘rnatilishi Xitoy manfaatlariga mos kelishi, xususan uning Yevropa bilan savdosini rivojlantirishini aytgan. U Pekin va Kiyev o‘rtasidagi munosabatlarni Ukraina kelgusida Yevroittifoqqa a’zo bo‘lishini inobatga olgan holda qurish lozimligini qo‘shimcha qilgan.