Revansh imkoniyati
O‘zbekiston olimpiya jamoasi uchun bugungi raqib begona jamoa emas. Misr 2023 yilning oktyabr oyida Toshkentda mehmon bo‘lib, o‘rtoqlik uchrashuvida vakillarimizni mag‘lub (2:1) etib qaytgan edi. O‘shanda Abbosbek Fayzullayev, Abduqodir Husanov singari yetakchilar maydonga tushmagan. Bu safar esa ulardan tashqari, Eldor Shomurodov va Oston O‘runov bilan kuchaygan jamoamizda revansh imkoniyati bor.
Kim qanday holatda?
O‘zbekiston 1-turda turnir favoriti Ispaniyaga qarshi bahsda munosib o‘yin namoyish etgan holda Yevropa vitse-chempioniga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ushbu bahsdan keyin himoyachi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev oilaviy sabablarga ko‘ra jamoa ixtiyorini tark etgan bo‘lsa-da, zaxira tarkibidan Alisher Odilov jalb etildi. Aynan u o‘tgan yili Misr darvozasiga yo‘llangan golga mualliflik qilgan edi.

Misr esa 1-turda Dominikan Respublikasiga qarshi bahsda g‘alaba qozonish uchun bir qator imkoniyatlarga ega bo‘lgandi, ammo uchrashuvda har ikki jamoa ham ochko yo‘qotdi – 0:0. Bu natija ko‘p jihatdan O‘zbekiston foydasiga ishlashi mumkin. Buning uchun vakillarimiz eng avvalo bugun turnir tarixidagi ilk g‘alabani taqdim etishlari shart.
O‘z qit’alarida vitse-chempion bo‘lgan jamoalar
Rojyerio Mikale murabbiyligidagi misrliklar Afrikaning 2-jamoasi sanaladi. Braziliyalik mutaxassis qo‘l ostidagi Misr olimpiya jamoasi Afrika millatlar kubogi U23 turniri finalida Marokashga qo‘shimcha bo‘limlarda mag‘lub (1:2) bo‘lib, Fransiyaga Afrika vitse-chempioni sifatida kelgan. Misr so‘nggi Tokio-2020 Olimpiadasida ham ishtirok etgan va chorakfinalgacha yetib kelishga erishgandi.

O‘zbekiston U23 jamoasi esa Osiyo vitse-chempioni bo‘lib, Parijga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi. Temur Kapadze shogirdlari Osiyo kubogi U23 yarimfinalida 29 aprel kuni Indoneziyani mag‘lub (2:0) etib, mamlakat tarixida Olimpiadaga jamoaviy sport turida ilk yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi. Finalda esa vakillarimiz Yaponiyaga alamli tarzda mag‘lub (0:1) bo‘lgan.
Saloh ruxsat ololmadi, «Arsenal» sobiq o‘yinchisi va Zizo tarkibda





















