Andijon tumanining Poloson mahallasida yashovchi, o‘qituvchilar oilasida ulg‘aygan Rayyona Ibrohimova Germaniyaning Gyottingen shahrida o‘tkazilgan Butunjahon nemis tili olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Oddiy o‘qituvchilar oilasidan chiqqan qiz shu davrgacha ko‘plab musobaqalarda ishtirok etgan, biroq omadsizlikka uchragandi. “Ota-onam maoshidan orttirib, til o‘rganishim uchun sharoit qilib berdi, ularning ishonchini oqladim”, deydi oltin medal sohibasi.

15-22 iyul kunlari Germaniyaning Gyottingen shahrida Butunjahon nemis tili olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Unda 62 ta davlatdan 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 100 nafardan ortiq o‘quvchilar ishtirok etdi. Uch yo‘nalish (A2, B1 va B2)da o‘tkazilgan bellashuvda o‘zbekistonlik – Andijon shahridagi 4-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Rayyona Ibrohimova B1 daraja yo‘nalishida oltin medal sohibi bo‘ldi.

Rayyona Ibrohimova

Zulfiya mukofotini ololmaganim og‘ir zarba bo‘lgan”

Rayyona Ibrohimova o‘z kechinmalarini Kun.uz muxbiriga so‘zlab berdi.

Onam ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi. Otam musiqa maktabida aktyorlik mahoratidan dars beradi. O‘qituvchilar maoshiga kun ko‘radigan oddiy oilamiz. Ota-onam qiyin vaziyatda ham bilim olishimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Otamning xohishiga qarshi bormay bir muddat musiqani o‘rgandim. Keyinroq yo‘nalishni o‘zgartirishga majbur bo‘ldim.

6-sinfda Zulfiya mukofotini olish uchun tayyorgarlik ko‘ra boshladim. She’rlar yozib, gazetaga chiqardim. Qancha-qancha mag‘lubiyatlarga duch keldim. Qaysidir vaqtlarda ishtiyoqlarim ham sinib ketgani rost. Yosh kitobxon tanlovida, Zulfiya mukofoti uchun bo‘lgan bellashuvlarda muvaffaqiyatsizligim ayniqsa og‘ir zarba bo‘lgan. Lekin maqsadimdan chekinmadim. Tushkunlikka tushgan paytlarimda ota-onam dalda bo‘ldi.

Olimpiada ikki bosqichda o‘tkazildi. 1-milliy saralash bosqichi. Bu Toshkentdagi Gyote institutida bo‘lib o‘tdi. Ushbu bosqichda 1-o‘rinni oldim va bu yutuq meni Germaniyada yetakladi. Germaniyadagi olimpiadada yurtimiz sharafini himoya qilishim kerak edi. Hammasi yaxshilik bilan tugadi.