Parijda Olimpiya o‘yinlarining uchinchi kuni o‘tkazildi. Dushanba kuni qilichbozlik, dzyudo, pnevmatik miltiqdan o‘q uzish, suvga sakrash, suzish, konkur va boshqa sport turlari bo‘yicha 19 ta medallar shodasi o‘ynaldi.

Uchinchi kungi bahslardan keyin Yaponiya 6 oltin, 2 kumush va 4 bronza bilan birinchi o‘rinda bormoqda. Yaponiyalik sportchilar dushanba kuni 90 yildan ortiq vaqtdan buyon ot sportida ilk medal — bronzani qo‘lga kiritib, syurpriz taqdim etishdi. Bundan tashqari, olimpiya dasturidagi yangi sport turi — erkaklar orasida skeytbordingda yaponiyalik Yuto Horigome ham Yaponiya uchun ushbu sport bo‘yicha tarixdagi ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Dzyudo: jazoirlik isroillik bilan kurashmaslik uchun semirdi

29 iyul kuni dzyudo bo‘yicha erkaklar o‘rtasida 73 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda bahslar o‘tkazildi. Qur’aga ko‘ra, birinchi bosqichda jazoirlik Dris Reduan Messaud Isroil vakili Toxar Butbul bilan uchrashishi kerak edi. Bu bahs ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy kelishmovchilik tufayli mojaroli ko‘rinardi, chunki Jazoir Isroil davlati qonuniyligini tan olmaydi.

Dris Messaud ilojsiz holatda qolgandi, u ushbu raqibga qarshi tatamiga chiqqanida vatanida qattiq tanqidga uchragan bo‘lardi, shu bilan birga, shunchaki bahsdan bosh torta olmasdi, buning uchun uzoq muddatli diskvalifikatsiyaga uchrashi mumkin edi. Tokio Olimpiadasida uning vatandoshi Feti Nurin Falastinni qo‘llashi va isroillikka qarshi bahs olib bora olmasligini aytib, xuddi shu Butbul bilan bahsni boykot qilgandi. Natijada murabbiyi Amar Benexlef bilan birgalikda Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan «siyosiy propaganda» uchun 10 yilga diskvalifikatsiya qilingandi.

O‘shanda Butbulning keyingi bosqichdagi raqibi, sudanlik Muhammad Abdulrasul esa jarohatini bahona qilib, qutulib qolgandi.

Afrikaning uch karra chempioni hisoblangan Dris ham tatamiga chiqmaslikning qonuniy yo‘lini o‘ylab topdi. Vaznlar o‘lchanganida uning og‘irligi 73,4 kilogramm chiqdi — ruxsat etilganidan 400 grammga ko‘p. Shu tufayli jazoirlik sportchi musobaqaga qo‘yilmadi. 

Isroil milliy olimpiya qo‘mitasi Drisni sportga xos bo‘lmagan harakat qilishda aybladi. Ammo qur’adan keyinoq ushbu sportchi isroillikka qarshi kurashmasligini barcha bilib turardi.

Toxar Butbul keyingi bosqichda bo‘lajak chempion, ozarboyjonlik Hidoyat Geydarovga yutqazib, ishtirokini yakunladi. 

Parijdagi o‘yinlarda Marokash va Tojikiston vakillari ham isroillik Barux Shmailovga qarshi bahslardan keyin unga qo‘l berishni istamadi.