29 iyul kuni Parij shahrida yozgi Olimpiadada uchinchi kun bahslari bo‘lib o‘tdi.
Dastlab boks bo‘yicha -66 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Ruslanbek Abdullayev nimchorak final doirasida meksikalik Martines Ramiresga qarshi ringga ko‘tarildi.

To‘liq davom etgan bahsda O‘zbekiston vakili barcha hakamlar qarori bilan g‘alaba qozondi (5:0) va chorakfinalga yo‘l oldi. Endi u 1 avgust kuni yarim final yo‘llanmasi uchun kanadalik Vaytt Sanfordga qarshi ringga ko‘tariladi.
Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni Bahodir Jalolov ham chorakfinalga chiqdi. U ham saralashda norvegiyalik Oman Shiha ustidan ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi (5:0). Endi 2 avgust kuni yarimfinal yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tariladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori, qilichboz Zaynab Dayibekova esa muvaffaqiyatsiz ishtirok etdi.
Sablya dasturida qatnashgan Dayibekova dastlabki bosqichdayoq janubiy koreyalik Yun Jisuga 11:15 hisobida mag‘lub bo‘ldi va yakkalik bahslarida Olimpiadadagi ishtirokini yakunladi.

Dzyudo bo‘yicha ayollar jamoasi vakili, -57 kg vazn toifasida ishtirok etgan Shukurjon Aminova dastlabki bosqichda Kot d’Ivuar vakili Zulayhe Dabonneni mag‘lub etdi, ammo keyingi bosqichda gurjistonlik Eteri Lipartelianiga yutqazib, Parij Olimpiadasidagi ishtirokini yakunladi.

Dzyudo bo‘yicha erkaklar jamoasi vakili, -73 kg vazn toifasida qatnashgan Murodjon Yo‘ldoshev ham birinchi bosqichda qozog‘istonlik Daniyar Shamshayevdan ustun keldi, ammo keyingi bosqichda moldovalik Adil yutqazib qo‘yib, turnirni tark etdi.

Shuningdek, bugun akademik eshkak eshuvchi o‘zbekistonlik sportchilar o‘tish bosqichidagi ishtiroklarini o‘tkazdi.
















