Sport | 16:21 / 01.08.2024
22301
2 daqiqa o‘qiladi

Parij-2024. Erkak bokschilar jamoasida ilk yo‘qotish

Ruslan Abdullayev 2-raundda ustunlik qilgan bo‘lsa-da, hakamlar kanadalik bokschining 5:0 hisobidagi g‘alabasini qayd etishdi va O‘zbekiston vakili uch raund yakuniga ko‘ra alamli tarzda turnir bilan xayrlashdi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Parij Olimpiadasida erkaklar o‘rtasidagi boks bahslarida chorakfinal janglariga start berildi.

Bu bosqichda bokschilarimiz orasida dastlabki jangni -63,5 kg vaznda Ruslan Abdullayev boshlab berdi. U kanadalik Vayat Sanfordga qarshi bahsning birinchi raundida 3:2 hisobida ustun kelgan bo‘lsa, ikkinchi raund xuddi shunday hisob bilan raqib foydasiga hal bo‘ldi.

Hal qiluvchi 3-raundda esa hakamlar Sanfordning 4:1 hisobidagi g‘alabasini qayd etishdi va u kamida bronza medalini naqd qildi. Abdullayev 2-raundda ham ustunlik qilgan bo‘lsa-da, hakamlar qaroriga ko‘ra alamli tarzda turnir bilan xayrlashdi.

Ruslan avvalgi bosqich 1/8 finalda meksikalik Migel Anxel Martinesga qarshi ringga chiqib, 5:0 hisobida g‘alaba qozongan edi.

Bugun Lazizbek Mullajonov ham chorakfinal bahsini braziliyalik Keno Mashadoga qarshi o‘tkazadi. Jang taxminan soat 00:50da boshlanadi.

O‘zbekistonlik bokschilarning chorakfinaldagi bahslari ro‘yxati:

Parij-2024. Boks. Erkaklar. 1/4 final

1 avgust:

-92 kg: Lazizbek Mullojonov - Keno Mashado (Braziliya)

2 avgust:

+92 kg: Bahodir Jalolov - Teremoana Junior (Avstraliya)

-51 kg: Hasanboy Do‘smatov - Saken Bibossinov (Qozog‘iston)

-80 kg: To‘rabek Habibullayev - Arlen Lopez Kardona (Kuba)

3 avgust:

-57 kg: Abdumalik Xalokov - Xose Kuiles Brotons (Ispaniya)

-71 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev - Nikolay Terteryan (Daniya).

Eslatib o‘tamiz, ayollar o‘rtasidagi bahslarda Sitora Turdibekova ham keyingi bosqichga chiqqan bo‘lsa, Nigina O‘ktamova va Sabina Boboqulova turnirni tark etgandi. Navbahor Hamidova bahslarga endi kirishadi.

Mavzuga oid