Imron Xon va uning rafiqasi Bushra Bibi yaqin orada ozod etilishiga biror belgi yo‘q. Foto: Getty images

Garchi qamoqda bo‘lsa ham, Imron Xon avvalgidek Pokistondagi muxolif siyosatning yetakchi kuchi hisoblanadi; uning nomi gazeta sarlavhalari va sud majlislarida mudom yangrab turibdi. Tarafdorlari esa ijtimoiy tarmoqlarda tinim bilgani yo‘q.

U omma oldida ko‘rinish berolmayotgan bo‘lsa-da, u bilan doimiy ko‘rishish huquqiga egalar – advokatlar va oila a’zolari uning tashqi dunyoga murojaatlarini yetkazuvchilar bo‘lib turibdi. Imron Xon panjara ortidagi 365 kun uni aslo sindira olmaganini o‘shalar orqali xalqqa yetkazmoqda.

“Unda hamon sovuqqonlik bor, – deydi uning singlisi Olima Xonim. – Uning biror ehtiyoji yoki istagi yo‘q. Faqat ish”.

Imron Xonning huzuriga kirib chiqayotganlarning so‘zlariga ko‘ra, u kunni velotrenajyorda o‘tkazadi, ko‘p kitob o‘qiydi va mulohaza yuritish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Kuniga bir soat qamoqxona hovlisida sayr qiladi. Ayrim vaqtlarda oila a’zolari unga yangi kitobni qancha muddatda yetkazishi mumkinligi borasida munozaralar kelib chiqqan.

“U qamoqxonadagi biror daqiqasini bekorga sarflashni istamaydi, bu unga yanada ko‘proq bilim olish uchun imkoniyat ekanini aytgan”, — degan Olima Xonim BBCʼga bergan intervyusida.

Lekin fakt faktligicha qoladi: janob Xon va uning rafiqasi Bushra Bibi hamon qamoqxonada qolmoqda va yaqin orada ularning ozod bo‘lishiga biror belgi yo‘q.

Ayrimlarning fikricha, buning hayron qolarli joyi yo‘q.

Imron Xon to‘rt yil davomida Pokiston bosh vaziri bo‘lgan. Foto: Reuters

“Hech kim janob Xon qamoqxonadan ertaroq ozod bo‘lish uchun nimadir qilishini kutgani yo‘q”, — degan Vashingtondagi Wilson Centre tahliliy markazining Janubiy Osiyo instituti direktori Maykl Kugelman.

Harbiylar Pokistondagi parda ortidagi kuchli o‘yinchilar bo‘lib, “ular qamoqqa tiqishni ma’qul ko‘radigan siyosiy figura mavjud bo‘lsa, qo‘l qovushtirib o‘tirishmaydi, — degan Kugelman. — Bu ayniqsa Imron Xonga taalluqli”.

Chindan ham, so‘nggi o‘n yilliklar mobaynida armiya Imron Xonning hayotidagi ko‘plab qalqishlar va inishlar uchun asosiy kalit bo‘lgan. Ko‘plab tahlilchilarning fikricha, uning avval boshdan aynan harbiy elita bilan yaqin munosabatlari hokimiyat tepasiga kelishida muhim rol o‘ynagan.