Jahon | 16:57 / 06.08.2024
10946
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya ukrain harbiylari Kursk oblastiga bostirib kirishga uringani haqida xabar qildi

Ukraina qurolli kuchlari bu borada izoh bermayapti.

Foto: Kursk oblasti ma’muriyati

Rossiyadagi Z-pabliklar va Kursk oblastidagi telegram-kanallar 6 avgust tongida, Rossiya-Ukraina chegarasining bir qancha uchastkalarida to‘qnashuvlar boshlangani haqida xabar tarqatdi. Astra nashri e’tibor qaratishicha, harbiy sohaga ixtisoslashgan «Dva mayora» propagandachi kanali xabarida Ukraina qurolli kuchlarining kichik guruhi «frontning tor uchastkalaridan birida chegaradan o‘tgani» va bir necha yuz metrga ilgarilagani aytiladi.

Kursk oblasti rasmiylari soat 10 atrofida Ukraina qurolli kuchlari region hududiga kirib kelishga uringani haqida xabar berdi. Bunday xabarlar Sudjanskiy va Korenevskiy rayonlaridan kelib tushgan, degan Kursk oblasti gubernatori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Aleksey Smirnov. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiya FSB chegara xizmati hamda RF qurolli kuchlari jangchilari chegara buzib o‘tilishiga yo‘l qo‘ymagan».

Kuchishlatar tuzilmalarga aloqador hisoblangan Mash telegram-kanali tunda ukrainlarning 100 ga yaqin kishidan iborat diversiya guruhi og‘ir texnikalarda, artilleriya hamda dronlar ko‘magida Kursk oblasti Sudjanskiy rayonida RF hududiga kirishga harakat qilgan.

RF mudofaa vazirligi tunda va tongda havo hujumidan mudofaa kuchlari Kursk oblasti uzra 24 ta pilotsiz uchish apparatlarini urib tushirgani haqida xabar bergan. Gubernator Aleksey Smirnovning ma’lumotida esa urib tushirilgan dronlar soni 26 ta bo‘lgani keltiriladi. Region rahbarining so‘zlariga ko‘ra, chegaradagi Sudja shahrida Ukraina harbiylari zarbalari oqibatida 1 kishi halok bo‘lib, 13 kishi yaralangan.

Mash ma’lumotiga ko‘ra, ukrain diversantlari va Rossiya qo‘shini o‘rtasidagi jangda kamida 20 nafar ukrain harbiysi halok bo‘lib, 50 ga yaqini yaralangan. Janglar davom etayotgani, ukrainalik harbiylar kichik guruhlarga bo‘linib, «Sumi oblastining Shostkinskiy rayonidagi posadkalarga tarqalgani» aytilgan.

Rossiya pabliklari Kursk oblastiga hujum qilgan ukrain texnikalari fotolarini tarqatgan.

«Dva mayora» kanali tasdiqlashicha, ukrain harbiylari — piyodalar va zirhli texnikalar — Kursk oblasti Sudja shahri atrofidagi Kurilovka va Goncharovka posyolkalari yo‘nalishida harakat qilishda davom etmoqda. Boshqa bir Z-kanal, «Zapiski Veterana» esa Ukraina qurolli kuchlari Belgorod oblastiga ham yorib kirishga uringani haqida ma’lumot bergan. Bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘q.

Rossiyalik harbiy muxbirlarga ko‘ra, Rossiya armiyasi Ukrainaning Rossiyaning Kursk oblasti bilan chegaradosh Sumi oblastida to‘plangan ukrain harbiylarini o‘qqa tutmoqda. Sumi shahri harbiy ma’muriyati boshlig‘i Oleksiy Drozdenko mahalliy aholini «shu kunlarda havo trevogasi signallariga e’tiborsizlik qilmaslik, bunday ogohlantirishga reaksiya ko‘rsatib, xavfsiz joylarga o‘tish»ga chaqirgan.

Rossiya FXX Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblasti bilan chegarada «qurolli provokatsiya» uyushtirgani to‘g‘risida xabar bergan. «Chegarachilar Rossiya qurolli kuchlarining biriktirilgan bo‘linmalari bilan birgalikda qurolli tajovuzni qaytarish choralarini ko‘rdi», — deya yozgan RIA Novosti maxsus xizmatga tayanib. FXX hech qanday tafsilotlarni keltirmagan. 

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi, Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi, Rossiya mudofaa vazirligi hozircha bu xabarlar yuzasidan munosabat bildirmadi.

Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush davrida Rossiyaning chegaradosh hududlari bo‘lmish Kursk va Belgorod oblastlariga bir necha bor Ukraina tomonida jang qilayotgan va Ukraina razvedkasiga aloqador hisoblangan rossiyaliklardan tuzilgan bo‘linmalar yorib kirishga harakat qilgandi.

Mavzuga oid