Samarqandda viloyat imtihon markazi ochildi. Endi avtomaktablarda o‘qigan bo‘lajak haydovchilar haydovchilik guvohnomasini olish uchun shu maskanga kelib, nazariy va amaliy imtihon topshiradi.
Superfosfat zavodining ort tomonida, Past Darg‘om tumani hududida ochilgan imtihon markazining ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov chiqish qildi. U imtihon markazining ochilishidan maqsad, haydovchilik guvohnomasini olishda tanish-bilishchilik va korrupsiyaga barham berish ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

So‘ngra Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Ibragimov bunday markazlarning ahamiyati haqida gapirdi.
Ushbu innovatsion majmuada imtihonning nazariy qismida birvarakayiga 25 kishidan test olish mumkin. Avtopoligonda esa 10 ta kursant bir vaqtning o‘zida amaliy imtihon topshirsa bo‘ladi.

Butun jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan. Nomzod Markazga kelganida o‘ziga tegishli individual QR-kodini oladi, bunda u topshiradigan imtihonlarning har bir bosqichi belgilab qo‘yilgan bo‘ladi.
Maslan, nazariy imtihondan o‘tish uchun 20 ta savoldan kamida 18 tasiga to‘g‘ri javob berish talab etiladi, bunga 25 daqiqa vaqt ajratiladi. Agar ushbu sinov bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tsa, nomzod haydovchilik bo‘yicha amaliy imtihonni topshirish huquqiga ega bo‘ladi.

Kutish zalida unga zarur ko‘rsatmalar beriladi, shuningdek, qaysi mashg‘ulotlarni va qanday ketma-ketlikda bajarish kerakligi to‘liq aks ettirilgan video ma’lumotnoma namoyish etiladi.
Mashinani kursantning bir o‘zi boshqaradi. Mashina boshqaruvi asnosida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar uchun beriladigan jarima ballari 99 ball chegarasidan oshib ketmasa, imtihon topshirilgan hisoblanadi.

Nomzod amaliy imtihondan o‘ta olmasa, u nazariy imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan paytdan boshlab 2 oy ichida 7 kunlik interval bilan qayta topshirishi mumkin. Agar bu muddat ichida topshira olmasa nazariy imtihonni ham boshqatdan topshiradi.



















