AQSh qo‘shinlarining chiqib ketishi bilan, 2021 yilning 15 avgust kuni Afg‘onistonning deyarli butun hududi “Tolibon” nazoratiga o‘tgandi. Xo‘sh, oradan 3 yil o‘tib, toliblar hukmronligi haqida qanday xulosalar qilish mumkin? Kun.uz bu boradagi savollar bilan siyosiy tahlilchilarga murojaat qildi.

Oradan 3 yil o‘tdiki, “Tolibon” hokimiyati BMTga a’zo biror davlat tomonidan tan olinmadi. Buning sabablari nimada?

Kamoliddin Rabbimov: “Tolibon” 2020 yil avgustda hokimiyatga kelganida, dunyo hamjamiyati “Tolibon” hukumatiga bir qator shartlar qo‘ydi. Bular: ayollar va qizlarning fundamental huquqlarini ta’minlash, inklyuziv (Afg‘onistondagi barcha etnik guruhlar ishtirokida) hukumat tuzish, sobiq hukumat egalarini tazyiq ostiga olmaslik, Afg‘onistonni ekstremizm o‘chog‘iga qaytadan aylantirmaslik, Afg‘onistonni narkobiznesdan xoli davlat sifatida shakllantirish kabilar. Chunki globallashgan dunyoda xavfsizlik va barqarorlik inson huquqlari bilan bog‘liq. Agar biror davlat o‘z fuqarolariga repressiya qiladigan bo‘lsa, buning natijasi butun dunyo aholisiga ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa qochqinlar, ekstremizm yoki terrorizm misolida boshqa davlatlarga tahdid solib turishi aniq.

Mana shunday talablar “Tolibon”ga qo‘yildi va ba’zi talablarni u ado qildi ham. Masalan, hozirda Afg‘oniston narkotik moddalarni yetishtirish borasida nisbatan barqaror darajaga erishgan. Ya’ni avvalgilarga nisbatan kamroq narkotik modda yetishtirilmoqda. Ayollarning ta’lim olishi, inklyuziv hokimiyat borasidagi harakatlar hali yuzaga chiqmagani uchun boshqa yirik davlatlar uning hukumatini tan olishmayapti.

Toliblar haligacha inklyuziv boshqaruv tizimiga o‘tmagan, hattoki bu haqida biror mujda ham yo‘q.Tolibon” Afg‘onistonni qanchalik to‘liq nazorat qila olyapti degan savol hozir ham aktual. Toliblar o‘tgan 3 yil ichida qanchalik ichki bo‘linishlarga duch keldi?

Suhrob Bo‘ronov: Garchi "Tolibon" kuchlari mamlakatdagi ichki guruhlar o‘rtasida birlik haqida so‘z yuritsa ham, aslida guruhlararo bo‘linishlar mavjud. Bu bo‘linish asosan rahbar Haybatulloh Ohunzoda va ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy, shuningdek mudofaa vaziri Mulla Ya’qub o‘rtasidagi kurash bilan bog‘liq. Bu holat pushtunlarning durroniy va gilzaylar o‘rtasidagi sulolaviy qarama-qarshiligi sifatida ham baholanmoqda.