Jahon | 16:59 / 20.08.2024
14567
3 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyadagi aeroportda yo‘qolgan qaychi sabab o‘nlab reyslar bekor qilindi

Hokkaydo prefekturasidagi aeroport omboridan qaychi yo‘qolib qolgan. Shubhali hodisa muhim nuqtada – bortga chiqish oldidan xavfsizlik tekshiruvi o‘tkaziladigan yo‘lak yonidagi omborda ro‘y bergani sabab, 36 ta reys bekor qilindi, 201 ta reys kechiktirildi.

Foto: Getty Images

Hodisa 17 avgust, shanba kuni yuz bergan. Hokkaydo prefekturasidagi Yangi Titose aeroportining ichki reyslar terminalidagi xavfsizlik tekshiruvlari taxminan ikki soatga to‘xtatilgan, oqibatda yuzlab yo‘lovchilar bir muddat qiyin ahvolga tushib qolgan. Ular xavfsizlik tekshiruvidan qayta o‘tishga yuborilgani sabab uchish zalida uzun navbatlar hosil bo‘lgan.

Mas’ul xodimlar yo‘qolgan qaychini topishga ikki kun urinishdi. Qaychi shanba kuni topilmagan bo‘lsa-da, xavfsizlik tekshiruvlari va parvozlar o‘sha kuniyoq qayta tiklandi.

Qaychi yakshanba kuni omborxona xodimi tomonidan topildi va chindan ham o‘sha yo‘qolgan qaychi ekani tasdiqlangach, aeroport rasmiylari uning topilganini e’lon qildi.

Reyslarning bekor qilinishi va kechikishidan aziyat chekkan sayohatchilarning aksariyati Yaponiyada har yili nishonlanadigan Bon bayramidan keyin uyga qaytishayotgan edi.

Yer, infratuzilma, transport va turizm vazirligi Hokkaydo aeroportlariga murojaat qilib, hodisaning sababini aniqlash va bunday holatlar qaytalanishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘radi.

Ushbu voqea ombordagi saqlash va boshqarish tizimlari noto‘g‘ri olib borilgani tufayli sodir bo‘lganini tan olamiz. Hodisa o‘g‘rilik yoki terrorizmga aloqador bo‘lishi mumkin edi, rahbariyatning to‘liq xabardorligini ta’minlash uchun buning ustida yana bir bor ishlaymiz”, – deyiladi aeroport bayonotida.

X ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari aeroportning hodisaga munosabatini olqishladi va Yaponiyadagi parvozlar xavfsizligiga ishonchi oshganini ta’kidladi.

Aviatsiya tahlili bilan shug‘ullanuvchi OAG kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Yangi Titose Yaponiyaning eng gavjum aeroportlaridan biri bo‘lib, dunyodagi ikkinchi eng yirik ichki aviaqatnov Tokio — Sapporo yo‘nalishiga xizmat ko‘rsatadi.

2022 yilda aeroportdan 15 milliondan ortiq sayyoh foydalangan.

Bir necha hafta oldin sichqon Germaniyaning eng yirik aeroportini elektrsiz qoldirgan edi.

Mavzuga oid