Moskvadagi 235-garnizon harbiy sudi Popovni tergov izolyatoriga jo‘natdi. «Mediazona» xabariga ko‘ra, sud majlisi «tergov sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlar oshkor etilishi ehtimoli tufayli» yopiq rejimda o‘tkazilgan.

Tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya mudofaa vaziri sobiq o‘rinbosari Pavel Popovga nisbatan firibgarlik (RF JK 159-moddasi, 4-qismi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, Popov 2021–2024 yillarda «Patriot» parki hisobidan boylik orttirgan, u sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoyguning o‘rinbosari sifatida ushbu park rivojlantirilishi va faoliyati uchun mas’ul edi.

Tergov qo‘mitasi tasdiqlashicha, Popov qo‘li ostidagi xodimlar orqali «Patriot» parkida qurilish ishlarini olib borgan kompaniyalarni «o‘zining shahar tashqarisidagi mulklarida pul to‘lanmagan holda qurilish-montaj ishlarini bajarish»ga majbur qilgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, Popov uy qurilishi yakunlanganidan keyin park mablag‘lari hisobidan «o‘zining uch gektarga yaqin maydondagi uchastkasining texnik va xo‘jalik ta’minotini davom ettirgan».

Shuningdek, Tergov qo‘mitasi qayd etishicha, Popov va uning oilasi a’zolari Moskva shahri, Moskva oblasti va Krasnodar o‘lkasida «ko‘p sonli ko‘chmas mulk obektlari»ga egalik qiladi, oilaga tegishli mulklarning jami qiymati 500 mln rubldan ortiqni tashkil etadi.

Qo‘mitaga ko‘ra, Pavel Popov parkning avgust oyi boshida qo‘lga olingan direktori Vyacheslav Axmedov va RF mudofaa vazirligi Innovatsion rivojlanish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Vladimir Shesterov bilan til biriktirgan.

Ular «Patriot» parki faoliyati va ishlashini ta’minlash uchun ajratilgan budjet mablag‘larini o‘g‘irlashda gumon qilib ushlangandi. Keyinroq Axmedov hibsga olindi, Shesterov esa uy qamog‘iga yuborildi.

Popov hibsga olinganidan keyin «RIA Novosti» Axmedov va Shesterov armiya generaliga qarshi ko‘rsatma bergani haqida yozdi, TASS ma’lumotida esa unga qarshi faqat Axmedov guvohlik bergani aytilgan. Ikki agentlik ham anonim manbalariga havola qilgan, bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.

«Popov o‘z aloqadorligini rad etdi, parkka u rahbarlik qilmagan», — degan jurnalistlarga uning advokati Igor Dyukin.

Armiya generali Popov qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llash bo‘yicha sudda
Sergei Bulkin/TASS