Iqtisodchi Otabek Bakirovning aytishicha, budjetda iste’molchining ishtiroki bo‘lmagan biror summa yo‘q, oxirgi to‘lovchi baribir xalqning o‘zi hisoblanadi. Siyosatshunos Hamid Sodiqqa ko‘ra esa budjet sarf-xarajatlarining muhokama qilinishi normal. "Bunday diskussiyalar nafaqat jamiyat, media personalar, balki siyosatchilar hamda parlament doirasida bo‘lishi kerak",– deydi u Kun.uz'ga bergan intervyusida.
Yaqinda “Oriat Dono”ning efirga uzatilgan “Biz kim?” tok-shousida boshlovchi hamda shoirning davlat budjeti, soliqlar masalasida aytgan fikrlari tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Emishki, ishsiz odam hech qanday soliq to‘lamaydi, o‘zbekistonliklar – “soliqlardan qochib yuradigan xalq”, shu sababli ularning budjetni sarhisob qilishi mumkin emas.
Kun.uz bunday qarash nima uchun xato ekani, soliqlarning qanday shakllanishi, ishsiz odamlar ham soliq to‘lashi, budjet pullari hamda samarasiz loyihalar haqida iqtisodchi Otabek Bakirov hamda siyosatshunos Hamid Sodiq bilan suhbatlashdi.
– Dastavval, suhbat uchun kirish qismi qilsak. Ikkingizning munosabatingiz qiziq, odamlar tomonidan videodagidek fikrlar yangrashi normal holatmi, uni eshitganda ichingizdan qanday fikrlar o‘tdi?
Otabek Bakirov: Men birdaniga aytib ketaman, sirtdan bahsga kirishishni noto‘g‘ri deb bilaman. Shoirimizni ham, hurmatli vaynerimizni ham hurmat qilaman, odamning qaysidir fikri, so‘zi yoki chiqishi bilan to‘liq baho berib bo‘lmaydi. Adashmasam, kecha Akmal Mirzoning o‘zi chiqish qilib, nima demoqchi bo‘lganini, aytgan gaplarining ayrim qutbli qismlari bo‘yicha qo‘shimcha tushuntirish berib, uzr so‘raganini ham o‘zingiz ko‘rdingiz. Ya’ni bu har bir odam bilan yuz berishi mumkin bo‘lgan [hodisa hisoblanadi], ayniqsa to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda bo‘ladigan narsa bu. Shu jihatdan olib qaraganda, men bunday fikrlarni normal deb qabul qilaman.
Bahsda eng yaramasdek ko‘ringan, noto‘g‘ridek ko‘ringan yoki umume’tirofdagi pozitsiyalarni rad etadigan fikrlar ham yangrashi mumkin. Bu yerda mening asosiy e’tirozlarim shuki, agar buni e’tiroz deb hisoblash mumkin bo‘lsa, soliq to‘lovchilar budjet pullari, to‘lanayotgan soliqlar to‘g‘risida muhokamaga kirishishi yoki muhokama qilishlari to‘g‘ri emas degan ohang bo‘ldi.














