Odamlar qurbon bo‘lishiga, ularning sog‘lig‘iga yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan sanoat va transportdagi avariyalar, yong‘inlar va portlashlar, kuchli ta’sir etuvchi zaharli, kimyoviy, radioaktiv va xavfli biologik moddalarning tarqalishi – texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardir.

O‘zbekistonda har yili bir necha yuz odam tabiiy va texnogen ofatlar tufayli halok bo‘ladi. Masalan, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda sodir bo‘lgan tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar 131 tani tashkil etgan. Oqibatda 287 kishi halok bo‘lgan, 297 kishi jabrlangan.

Texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning asosiy qismini yong‘inlar va portlashlar tashkil qiladi. Keyingi yillarda sodir bo‘lgan yirik texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar sifatida Sardoba suv omborining o‘pirilishi, Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasi, Denovdagi savdo majmuasi va Sergelidagi omborda kuzatilgan portlashlarni aytish mumkin.

Biroq 2024 yil 1 sentabr kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida sodir bo‘lgan texnogen ofat kimyoviy jihati tufayli farqli va jiddiydir. Ayniqsa, hodisa joyi – “Mustaqillikning 25 yilligi” koni aholi punktlariga ancha yaqin ekani mamlakatning bunday ofatga nisbatan tayyorgarlik darajasini sinovdan o‘tkazadi.

Shu sababli, holat sodir bo‘lgan kundayoq O‘zbekiston prezidenti topshirig‘iga asosan, bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyarov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Bahodirjon Sidiqov hodisa joyiga yetib bordi. U yerda barcha tegishli vazirlik va tashkilotlarni jalb etgan holda, tezkor shtab tashkil qilingan.

Vodorod sulfid nega xavfli?

“Mustaqillikning 25 yilligi” konida texnologik jarayon buzilishi sababli havoga oltingugurt, ya’ni vodorod sulfid gazi chiqishi kuzatilgan. Shu sababli, kon yaqinidagi fuqarolar evakuatsiya qilingan.