BBC sharhlovchisi kadrlar bo‘yicha bu rotatsiya nima uchun mamlakat hayotida tub o‘zgarishlarga olib kelishi dargumonligi va uning aholisining katta qismi bu mavzuga e’tibor qaratmayotgani haqida yozdi.

Dushanba va seshanba kunlari Oliy radaga bosh vazir o‘rinbosari, vaqtincha okkupatsiya qilingan hududlar reintegratsiyasi masalalari bo‘yicha vazir Irina Vereshchuk, Ukrainaning Yevropa va Yevroatlantikaga integratsiyasi bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Olga Stefanishina, strategik sanoat vaziri Oleksandr Kamishin, adliya vaziri Denis Malyuska, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslar vaziri Ruslan Strelets hamda Ukraina Davlat mulk jamg‘armasi raisi Vitaliy Kovaldan iste’foga chiqish to‘g‘risida arizalar kelib tushgan.

Bundan tashqari, seshanba kuni Oliy rada raisi Ruslan Stefanchuk ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba yozgan ariza suratini e’lon qildi. Stefanchuk ariza keyingi yalpi majlislardan birida ko‘rib chiqilishini qo‘shimcha qildi.

Chorshanba kungi yalpi majlisda deputatlar Olga Stefanishina, Oleksandr Kamishin, Ruslan Strelets va Denis Malyuska iste’fosi uchun ovoz berishdi. Shu bilan birga, Rada Irina Vereshchuk va Vitaliy Kovalning iste’fosini qabul qilmadi — ularning arizasi qanoatlantirilishi uchun bir neach ovoz yetmadi.

Ukraina TIVga 2020 yil martidan buyon rahbarlik qilib kelayotgan Dmitro Kulebaning arizasi esa majlisda ko‘rib chiqish uchun qo‘yilmagan. Parlament majlisi uning arizasini ko‘rib chiqmasdan yopildi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Dmitro Kulebaning iste’fosi ehtimoli va TIVning keyingi rahbari kim bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob qaytarmadi. «Bugun bizga yangi energiya kerak va bu qadamlar mamlakatimizni turli yo‘nalishlarda kuchaytirish bilan bog‘liq», — deya izohlagan Zelenskiy hukumatdagi o‘zgarishlarni.

«Xalqaro siyosat va diplomatiya bundan mustasno emas. Men bugun u yoki bu vazir aynan nima bilan mashg‘ul bo‘lishini prognoz qila olmayman va ularga qaysidir lavozimlar taklif etilishi bo‘yicha javob bera olmayman. Bugungi kunda bu haqda gapirishga hali erta», — deya qo‘shimcha qilgan prezident.

«RBK-Ukraina» nashri manbasi xabar berishicha, Kulebaga Bryusselda, YeI yoki NATOdagi vakolatxonalarda ishlashda davom etish taklifi berilishi — yoki Belgiya va Lyuksemburgga elchi qilib yuborilishi mumkin.