O‘zbekiston mezbonligidagi futzal bo‘yicha JCh-2024 start arafasida: o‘yinlar taqvimi va asosiy ma’lumotlar
|23:36 / 13.09.202428 2956 min
14 sentabr kuni O‘zbekiston mezbonligida futzal bo‘yicha 2024 yilgi jahon chempionati start oladi. FIFAning yirik turnirlaridan biri Markaziy Osiyoda ilk marta mamlakatimizda o‘tkaziladi. Jahonning eng kuchli 24 jamoasi 22 kun davomida Toshkent, Andijon va Buxoroda o‘yinlarni o‘tkazib, futzal bo‘yicha jahon chempionligi uchun kurash olib boradi.
Foto: FIFAFoto: FIFA
Qachon va qayerda
FIFA tomonidan 10-bor tashkil etilayotgan musobaqa 14 sentabrdan start oladi va 6 oktyabr kuni final bahsi o‘tkaziladi. Uchrashuvlarga Toshkent, Andijon va Buxoro shaharlari mezbonlik qiladi. Jahon chempionati o‘yinlari uchun chiqarilgan chiptalarni futsal2024.uz saytidan xarid qilish mumkin.
Musobaqa formati
Har bir guruhning eng yaxshi ikki jamoasi va uchinchi o‘rinni egallagan to‘rtta eng yaxshi jamoa pley-off bosqichiga chiqadi. Shundan so‘ng, nimchorak final, chorakfinal, yarimfinal, uchinchi o‘rin uchun pley-off va final o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Jahon Chempionati g‘oliblari
Hozirgacha turnirda eng ko‘p marta Braziliya chempion bo‘lgan – 5 marta (1989; 1992; 1996; 2008; 2012 yillar). Ispaniya ikki karra chempion sanaladi (2000; 2004). 2016 yil Argentina g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, amaldagi jahon chempioni Portugaliya sanaladi. Ular 2021 yilgi JCh oltin medaliga ega chiqishgan.
O‘zbekiston milliy jamoasi guruhi va tarkibi
O‘zbekiston futzal milliy jamoasi bosh murabbiyi Xose Venansio Lopes jahon chempionati uchun yakuniy tarkibni e’lon qildi.
Jamoa sardori Dilshod Rahmatov jarohati sabab musobaqani o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. Bungacha asosiy tarkib a’zolaridan Ravshan Eliboyev, Davron Choriyev va Sunnat Jo‘rayev ham jarohat olib, safdan chiqishgandi.
Milliy jamoamiz 2021 yil Litvada o‘tgan JChda 1/8 finalda Eronga yutqazib (8:9), turnirni tark etgandi. Bu safar jamoa oldiga ushbu natijani yaxshilash vazifasi qo‘yilgan. O‘zbekiston joy olgan A guruhidan Niderlandiya, Paragvay va Kosta Rika o‘rin olgan bo‘lib, vakillarimizning birinchi o‘yini 14 sentabr kuni Niderlandiyaga qarshi o‘tkaziladi.
O‘zbekiston milliy jamoasining JCh uchun tarkibi:
Mavzuga oid
Darvozabonlar
Abbos Elmurodov
Sunnat Anvarov
O‘yinchilar
Ilhom Hamroyev
Mashrab Odilov
Fazliddin Botirov
Mehroj Xudoyberdiyev
Samariddin Berkinov
Husniddin Nishonov
Anasxon Rahmatov
Ixtiyor Ropiyev
Abror Ahmetziyanov
Elbek To‘lqinov
Akbar Usmonov
Muzaffar Ahadjonov
Taqvim
Taqvimga ko‘ra, futzal bo‘yicha jahon chempionati 52ta o‘yinni o‘z ichiga oladi. Toshkentdagi «Humo Arena»da 27ta uchrashuv o‘tkazilsa, Buxoro sport majmuasida 17ta, Andijon sport majmuasida esa 8ta o‘yin bo‘lib o‘tadi. O‘yinlar «Sport» telekanali va MTRK kanallari orqali namoyish etiladi.