Gretsiya og‘riqli iqtisodiy inqirozni rasman tugatib, moliyaviy qutqaruv dasturlaridan chiqqaniga olti yil bo‘lgach, mamlakat yangi favqulodda vaziyat — aholi sonining kamayishiga duch keldi. Euronews maqolasida bu mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy tuzilishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlanadi.
Prognozlarga ko‘ra, 2070 yilga kelib Gretsiya aholisi chorakka qisqarishi mumkin, bu Yevropa Ittifoqi bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan (4 foiz) ancha yuqori.
2022 yilda mamlakatda qariyb yuz yildagi eng past ko‘rsatkich — 77 mingdan kam tug‘ilish qayd etilgan. Shu bilan birga, o‘lim deyarli ikki baravar ko‘paydi. Yaqin kelajakda ushbu tendensiya o‘zgarishsiz qolishi kutilmoqda.
“Demografik falokat kelajagimiz uchun tom ma’noda ekzistensial muammoga aylanib boryapti”, — deb ogohlantirdi Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis.
2021 yilda o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish ishlari o‘n yil ichida umumiy aholi soni 3,1 foizga qisqarganini ko‘rsatdi. Hozir mamlakatda 10 milliondan sal ko‘proq odam istiqomat qiladi.
Shu o‘n yillik davrda Gretsiya iqtisodiy inqirozni boshdan kechirdi. Aynan mazkur inqiroz tufayli yarim millionga yaqin grek, ayniqsa yosh va ma’lumotli aholi qatlamlari, mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi.
Mamlakatda qolganlar haligacha ishsizlik yuqori, maosh kam mehnat bozorini tiklash mashaqqatiga duch kelmoqda. Bu esa barqaror karera qurish va oila barpo etish vazifasini yanada murakkablashtiradi.
Shimoliy Egey dengizidagi 50 ming aholi yashaydigan Hios orolida 30 yoshlar atrofidagi juftlik Mariya va Nikos jurnalistlar bilan suhbatlashdi. Ular ikki yil oldin Gretsiyadan AQShga ko‘chib ketgan va faqat bayramlardagina bu yerga tashrif buyuradi. Ular muhojirlik qarorini tushuntirar ekan, bunga iqtisodiy qiyinchiliklar asosiy sabab bo‘lganini ta’kidladi.
“Kuniga 10-12 soatlab ishlashga to‘g‘ri kelsa-yu, xohlagancha daromad qilib bo‘lmasa, qanday qilib uy sotib olish mumkin? Oilani qanday boqasiz? Bu imkonsiz”, — dedi Mariya.
Nikos esa Gretsiyani qanchalik yaxshi ko‘rmasin, hatto sharoit yaxshilansa ham, bu yerda o‘z kelajagini ko‘rmayotganini ta’kidladi.
Hiosning uzoq migratsiya tarixi bor: so‘nggi bir necha avlod davomida odamlar boshqa joylarda imkoniyatlar izlab ketishgan. Bugungi kunda, ayniqsa orolning shimoliy qismida, barmoq bilan sanarli keksa aholi yashaydigan bo‘m-bo‘sh qishloqlarni ko‘rish odatiy holga aylangan.














