Shu kunlarda internetning o‘zbek segmentidagi asosiy mavzu asosan arzon narxlardagi kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanuvchi savdo tarmog‘i bilan bog‘liq mojaro bo‘lmoqda. Avvaliga tarmoqning Sergeli tumanidagi savdo markazi ishchisi o‘zidan yuqoriroq lavozimdagi xodim tomonidan kaltaklangani videosi tarqaldi, ko‘p o‘tmay tarmoq rahbari videomurojaat qilib, zo‘ravonga jazo ko‘rilishini aytib chiqdi, ammo keyingi kuni rahbarning o‘zi ishchilariga zo‘ravonlik qilgani aks etgan videolar paydo bo‘ldi. Quyida voqealar xronologiyasi keltiriladi.

Voqea nimadan boshlandi?

14 sentabr kuni Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi yirik savdo markazlaridan biri bo‘lmish Inbazar’ning Sergeli tumanidagi savdo markazi mas’uli Mehroj ismli xodimini kaltaklagani aks etgan video tarqaldi.

Internetda tarqalgan boshqa videoga ko‘ra, xodim omborxonada aravachani uzoqdan g‘ildiratib yuborgani uchun kaltaklangan, holbuki bu holatda aravachaga zarar yetmagani ko‘rinadi.

Xodim, garchi «bilmasdan qildim», deya uzr so‘raganiga qaramay, rahbari yosh yigitning yuzi va tanasiga 5-6 marotaba urgan. Shuningdek, haqorat ham qilgan va ishdan bo‘shashini aytgan.

Inbazar asoschisi, ayni vaqtda chet elda bo‘lgan Omadbek Xolmatov videomurojaat bilan chiqib, mazkur holat bo‘yicha qonuniy chora ko‘rilishini ma’lum qildi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoni ko‘rib, o‘zim «shok» bo‘lib qoldim. Bu qilingan ablahona ishi uchun albatta qonuniy javobgarlikka tortilishiga ishonchimiz komil. Yillar davomida ishxonada o‘zaro hurmat bo‘lishiga harakat qilamiz, lekin ko‘p odam ishlagani uchun buni nazoratini ola olmay qolibmiz. Buning uchun uzr so‘raymiz. Lekin bu zo‘ravonlikka qarshimiz, bu holat bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rilyapti. Tafsilotlarini aytamiz», degan do‘kon asoschisi.

Omadbek Xolmatov «birgina xodimining o‘ylamay qilgan ishi uchun yillar davomida xalq orasida ishonch qozongan va obro‘ orttirgan savdo markazi faoliyatini qoralab tashlamaslik»ni so‘ragan.

Keyinroq kompaniyaning instagramdagi sahifasida zo‘ravon xodim ichki ishlar bo‘limiga olib borilgani haqida videoxabar joylashtirildi. Toshkent shahar IIBB ham holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Xabarda hodisa 13 sentabr kuni sodir bo‘lgani, «Sergeli tumanida joylashgan savdo majmualarining birida ishlovchi 2001 yilda tug‘ilgan B.A. o‘zaro kelishmovchilik oqibatida birga ishlovchi 2006 yilda tug‘ilgan M.T.ni qo‘li bilan urgani» aytiladi.