Toropetsda tunda ro‘y bergan yong‘in to‘g‘risida Tver oblasti gubernatori Igor Ruden xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, olov «havo hujumidan mudofaa kuchlari ishlashi vaqtida urib tushirilgan dronlardan birining parchalari tushishi oqibatida» ro‘y bergan. U qanday obekt hujumga uchraganiga aniqlik kiritilmagan.

Rossiyalik gubernatorlar so‘nggi oylarda ukrain dronlari u yoki bu obektga hujum qilganida doimo dron urib tushirilgani, obektga — masalan, neft bazaga uning parchalari tushgani haqida aytishadi.

Telegram-kanallar esa mahalliy aholi vakillariga tayangan holda Toropetsda dronga xos ovoz eshitilgani, uning ortidan portlash ro‘y bergani haqida xabar qilishmoqda. Keyinroq Tver oblasti hukumati ma’lum qilishicha, rasmiylar aholining bir qismini «havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlayotgan va yong‘inga qarshi kurash olib borilayotgan hududlar»dan evakuatsiya qilishga qaror qilgan.

Toropets ma’muriyatining «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozilishicha, aholi qo‘shni Zapadnaya Dvina shahriga ko‘chirilmoqda. U yerda, mahalliy ma’muriyat xabariga ko‘ra, 18 sentabr kuni maktablar va bolalar bog‘chalari yopilgan.

Rossiya mudofaa vazirligi tongda 18 sentabrga o‘tar kechasi Rossiya regionlarida 54 ta uchuvchisiz uchar qurilmalar urib tushirilgani haqida xabar bergan. Vazirlik o‘z hisobotida Kursk, Bryansk, Smolensk, Belgorod va Orlov oblastlarini keltirgan, ammo Tver oblasti haqida indamagan.

Rossiya va Ukrainadagi telegram-kanallarga ko‘ra, Toropetsda o‘q-dorilar omboriga hujum qilingan bo‘lishi mumkin. Kanallarda dronning kichik zaryadi emas, o‘q-dori detonatsiyasini eslatuvchi kuchli portlash videosi tarqalgan.

Video mahalliy aholi vakillari tomonidan olingan, kadr ortida ularning o‘zaro gaplashgani eshitiladi. Toropetsliklar o‘tiradigan telegramdagi chatlardan birida ham kuchli portlash haqida gap boradi.

Toropetsda o‘q-dorilar, raketalar va boshqa portlovchi moddalar saqlanadigan yirik arsenal mavjud. Bu rasmiy ma’lumot bo‘lib, Rossiya davlat nashrlari ham raketa arsenali haqida ko‘p bor yozishgan.

Rossiya hukumati qurollar arsenalidagi portlash haqida xabar bermagan.

BBC ukrain xizmatining Ukraina xavfsizlik xizmatidagi manbasi ukrain dronlari Tver oblastida «Iskander» va «Tochka-U» raketalari, shuningdek, nishonga o‘zi boruvchi aviabombalar «ombori yo‘q qilingani» haqida aytgan.