Investitsiyalarsiz rivojlanib bo‘lmaydi. Shunday ekan, chet elda tajribasini oshirib, pulini ko‘tarib Vataniga qaytgan o‘zbek tadbirkoriga ming bir to‘siq qo‘yadigan mahalliy mansabdorlarni nima deb atasa bo‘ladi? Kun.uz'ning yangi multfilmi mamlakat ziyoniga xizmat qiladigan bu illat haqida xorazmlik tadbirkor misolida hikoya qiladi.
Bo‘lajak o‘zbek tadbirkori tug‘ildi (1981 yil). Maktabni tugatdi (1998 yil). Universitetini bitirdi (2004 yil, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti). Xalqaro magistraturada o‘qib, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ilmiy unvon oldi. Keyin institutda dars berdi.
Keyin Turkiyada o‘qidi. So‘ng esa shu mamlakatda tadbirkorlik qildi – turk mahsulotlarini Yevropa va Osiyoga eksport qildi.
2015 yilda ona yurtiga qaytib, unga foyda keltirishni istadi. Xorazmning Bekobodida kunjut yetishtirish uchun yer oldi. Kunjutni qayta ishlab, chetga eksport qilish loyixasini tuzdi va 2016 yili yangi zavodni ishga tushirdi.
Ammo faqat 2018 yilga kelibgina mahsulotini eksport qila boshladi. Nega? Chunki kundalik muammolardan tashqari, u maxalliy xokimiyat qo‘ygan to‘siqlar va tazyiqlar bilan ham kurashishga majbur bo‘ldi. Iroq, Turkiya, Rossiyaga 800 ming dollarlik mahsulot sotganiga, 60 kishini ish bilan band qilganiga qaramasdan!
U mahsulot sifatini yaxshilash uchun o‘z hisobidan tadqiqotlar qildi, olimlar bilan birga. Natijada ikkita yangi nav yaratildi.
Kunjut – ming yillar davomida yurtimizda yetishtirilgan, ammo uni yetishtirish madaniyati salkam unutilgan o‘simlik. Kunjut yetishtirish ko‘hna tarixini rekonstruksiya qilishning o‘zigina foyda keltiradi – turistlarni jalb qiladi. Dunyo bozorida o‘zbek kunjutiga bo‘lgan talab haqida gapirmang ham.
Qahramonimiz kunjutdan besh xil mahsulot ishlab chiqara boshladi, qo‘shimcha qiymat hosil qildi. Ammo bu davrda uning... sochi oqardi...
Mahalliy hokimiyat idoralari unga ochiqchasiga reyderlik qildi. Masalan:
“Kunjutni almashlab ekish kerak, ya’ni bir yili kunjut eksangiz, ikkinchi yili boshqa narsa ekish kerak. O‘rniga sholi yoki bug‘doy ekamiz. Hokim kelib, “bu noqonuniy” deydi. Ammo paxta eksak, qonuniy bo‘lib chiqadi. Biroq ularning firmalari bilan shartnoma qilsak, unda xamma ishlar “qonuniy” bo‘lib chiqdi. Yoki “tuman eksporti” uchun deb naqd pul bersak ham, hamma ishlar “qonuniy” bo‘lib chiqaveradi”.














