RF qurolli kuchlari va Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastida bir-birining pozitsiyalariga hujum qilishda davom etmoqda. Rossiyaning Sudjadan g‘arbdagi hududlar tomon yurishi sekinlab qoldi, bunga avgust oyida RF hududida platsdarm tashkil etgan va keyinroq zaxiralar bilan kuchaytirilgan ukrain brigadalari yanada g‘arbroqda — Glushkovo rayoni markazi yaqinida chegarani kesib o‘tgani sabab bo‘ldi. Lekin hozircha ukrainlarning qarshi zarbasiga chuqurlik va kuchlar yetarli bo‘lmayapti. Jang taqdiri armiyalardan qaysi biri raqibining ikkinchi mudofaa chizig‘ini birinchi bo‘lib yorib o‘tishiga (umuman, bunga muvaffaq bo‘linsa) bog‘liq bo‘ladi. RF qurolli kuchlari muvaffaqiyatga yaqinroq — ular allaqachon muhim ahamiyatga ega Lyubimovka qishlog‘ini shturm qilmoqda. Uning boy berilishi Ukraina qurolli kuchlarining Sudjadan g‘arbdagi hududlardagi guruhi ta’minotini keskin yomonlashtiradi.

Kursk oblasti

Rossiya qarshi hujumining asosiy zarbasi yo‘nalishi aniq bo‘lgach (Korenevo va Glushkovodan sharqqa, Sudja tomonga), Ukraina qurolli kuchlari bu holat uchun oldindan tayyorlab qo‘yilgani ko‘rinib turgan rejani ishga tushirdi. Aniqroq aytganda — RF qurolli kuchlarining yurish qilayotgan guruhi qanotiga chegara orqali zarba yo‘lladi.

Ikki bor zarba berildi — Glushkovo rayoni markazidan janubda va janubi-sharqda. Ukraina qurolli kuchlari chegara orqali raqib mudofaasiga faqat bir necha kilometr kirib bora oldi — Rossiya zaxiralari ularni Veseloye qishlog‘i yaqinida to‘xtatdi.

Katta ehtimol bilan, bu zaxira kuchlar Rossiyaning Snagost daryosi bo‘yidagi Nikolayevo-Darino, Darino va Lyubimovka qishloqlari ustiga yurishida ishtirok etishi kerak edi. RF qurolli kuchlari qarshi hujum boshida bu aholi yashash manzillariga yaqinlashib kelgan, ammo ularni qaytarib ololmagandi. Rossiya qo‘shini uchun yana bir ehtimoliy muammo — qishloqlar RF qurolli kuchlari qarshi hujumi boshlangan pozitsiyalardan uzoqda (15 kilometr atrofida) joylashganidir. Hujum boshlangan nuqtada (oldingi front chizig‘idan bir necha kilometr ichkarida) Rossiya artilleriyasi va dron operatorlari pozitsiyalari joylashgan, ular uchun  Lyubimovka yetib bo‘lmaydigan masofa hisoblanadi.

Rossiya qo‘mondonligi syurpriz tayyorlagan bo‘lishi ham mumkin — Lyubimovkaga «ro‘paradan» hujum qilmasdan, chegara orqali Sudja — Sumi trassasining (bu Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi guruhi uchun asosiy ta’minot yo‘li hisoblanadi) Ukrainaning Sumi oblastidan o‘tgan qismiga zarba berish orqali. RF qurolli kuchlari bunday zarba berishda chegara yaqinida platsdarm vazifasini o‘taydigan hududni egallagan. Va bunday xavf tug‘ilgani Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligini o‘z kuchlarini chegara himoyasiga ajratishga ham majbur qilishi kerak.