Butun dunyoda bolalarning ko‘rish qobiliyati muntazam ravishda yomonlashib bormoqda: har uch boladan biri uzoqni yaxshi ko‘ra olmaslik muammosidan aziyat chekadi, deb xabar berdi BBC global tahlil natijalariga tayanib.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, COVID-19 sababli kiritilgan karantin bolalarning ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan, chunki ular ko‘p vaqtini ekran oldida o‘tkazib, ochiq havoga kamroq chiqishgan.
Tadqiqot uzoqni ko‘rmaslik yoki miopiya kasalligi Jahon sog‘liqni saqlash tizimining tobora yomonlashayotgan muammosiga aylanayotgani, 2050 yilga kelib bu yana millionlab bolalarga ta’sir ko‘rsatishi haqida ogohlantirdi.
Eng yuqori ko‘rsatkichlar Osiyoda kuzatilmoqda: Yaponiyada 85 foiz, Janubiy Koreyada 73 foiz bolalar uzoqni ko‘ra olmaslikdan aziyat chekadi, Xitoy va Rossiyada esa bu 40 foizdan ortiqni tashkil qiladi.
Paragvay va Ugandada miopiyaning eng past darajasi qayd etilgan (taxminan 1 foiz), Buyuk Britaniya, Irlandiya va AQShda 15 foiz atrofida.
British Journal of Ophthalmology jurnalida chop etilgan tadqiqotda olti qit’aning 50 mamlakatidan besh milliondan ortiq bolalar va o‘smirlar ishtirok etdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1990 yildan 2023 yilgacha uzoqni ko‘ra olmaslik darajasi uch baravar ko‘payib, 36 foizga yetgan. Tadqiqotchilarning aytishicha, bu o‘sish COVID-19 pandemiyasidan so‘ng “ayniqsa yaqqol” ko‘zga tashlangan.
Miopiya odatda boshlang‘ich sinf yoshida paydo bo‘lib, ko‘z o‘sishdan to‘xtagunga qadar, ya’ni taxminan 20 yoshgacha zo‘rayib borish tendensiyasiga ega. Bu kasallikka chalinish ehtimolini oshiradigan qator omillardan biri — Sharqiy Osiyoda yashash.
Bu genetikaga ham bog‘liq — bolalar kasallikni ota-onalaridan meros qilib oladi. Ammo boshqa omillar ham mavjud. Masalan, Singapur va Hongkong kabi joylarda bolalar juda erta, ya’ni ikki yoshidan boshlab ta’lim ola boshlaydi. Yosh bolalar kitob va ekranlarga qarashga ko‘p vaqt sarflaydi. Bu esa ko‘z mushaklarini zo‘riqtiradi va natijada uzoqni ko‘rmaslik muammosini keltirib chiqarishi mumkin.
Maktab ta’limi olti-sakkiz yoshdan boshlanadigan Afrikada uzoqni ko‘ra olmaslik holati Osiyoga nisbatan yetti barobar kamroq uchraydi.
Kovid pandemiyasi sababli millionlab odamlar uzoq vaqt uyda qolishga majbur bo‘lgan vaqtda bolalar va o‘smirlarning ko‘rish qobiliyati yomonlashgan.














