9 sentabr kuni Apple kompaniyasi o‘zining yangi taqdimotida iPhone 16 liniyasidagi smartfonlar, 10-avlod aqlli soatlari va boshqa qurilmalarini taqdim qildi. Ko‘pchilik iPhone'lar dizaynida o‘zgarish bo‘lmayotganidan nolimoqda, shunga qaramay ayrimlar uchun qurilmani hammadan birinchi, qimmatroq narxga sotib olish bu yil ham “pont” bo‘ldi. Kun.uz muxbiri texnoblogerlar Javlon Asatullayev va Ma’ruf Boymurodov bilan jamiyatda Apple fenomeni va kupertinoliklarning yangi mahsulotlari haqida suhbatlashdi.
– Har biriga alohida to‘xtalishimizdan oldin, keling, dastlab taqdimot haqida. 9 sentabrdagi taqdimot sizning kutilmalaringizni qanchalik oqladi? Siz yana nimalar kutgandingiz?
Javlon Asatullayev:
– Men iPhone’ning yangi ko‘rinishi qanday bo‘lar ekan degan savolni oldimga qo‘ymagandim, chunki bu haqida taxminlarim bor edi. Buni WWDC taqdimotida ko‘rib bo‘lgandim. Va biz foydalanayotgan smartfonlar o‘z o‘rnini AI iPhone'larga bo‘shatyapti. Ya’ni sun’iy intellekt boshqaruvidagi telefonlar davriga yetib kelmoqdamiz. Va o‘z savollarimga WW DC taqdimotida javob olgandim va 9 sentabrdagi taqdimotdan biror katta yangilik kutmagan edim.

Ma’ruf Boymurodov:
– Men ham Javlon akaning fikrlariga qo‘shilaman. Yildan yilga qurilmalarning dizayni va tuzilishini taxmin qilish imkoni oshmoqda. iPhone 16 Pro'ning ham qanday dizaynda bo‘lishi oldindan ma’lum edi. Apple watch'lar borasida katta narsani kutishgan bo‘lishsa ham 10 yillikdagi so‘nggi mahsulot deb taqdim qilingan bo‘lsa, bu oxirgi 3 yillikda shunday shaklda chiqishni davom etadi. Bundan o‘zgacha shaklda watch'lar chiqmaydi menimcha. Ammo quloqchinlar bo‘yicha ko‘proq narsani kutgandim. Kutganimdan ancha kamroq narsa taqdim qilindi.
– Yangi “ayfon” 16'ning dizayni men ko‘rgan yoki o‘qigan odamlarning ko‘pchiligi tanqid qildi, 11 avloddan buyon deyarli o‘zgarish yo‘qligi aytilmoqda. Yangi mobil qurilmalarning o‘zgarishi sizningcha sekinlashib qolmadimi yoki Apple yangicha dizaynlar uchun ilhom topolmayaptimi?
















