Shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi Isroil Bayrutning janubiy qismiga yopirilma raketa zarbalari yo‘llab, «Hizbulloh»ning infratuzilma obektlariga hujum qilgan.

Zarbalar birin-ketin berildi va amalda kamida bir yarim soat davomida to‘xtovsiz davom etdi, deya xabar bergan Reuters agentligi guvohlarga asoslanib.

Bayrut uzra olov chaqnashi va oq yoki ko‘k rangdagi olovli sharlarni bir necha kilometr masofadan ham ko‘rish mumkin edi, deya ta’kidlaydi guvohlar.

BBC’ning Bayrutdagi muxbiri shahar chekkasida kamida oltita portlash ovozi eshitilgani, bu zarbalar orasida uchayotgan dronlar ovozlari ham quloqqa chalingani haqida aytib bergan.

Muxbirning qayd etishicha, zarbalardan biri, katta ehtimol bilan, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasiga yo‘llangan, bu joy ustida ham olovli shar osmonga ko‘tarilgan, tarqalgan videoga ko‘ra, kuchli yong‘in davom etmoqda.

CNN agentligining Bayrutdagi jurnalistlari tungi hujumni so‘nggi vaqtlardagi eng shiddatli hujumlardan biri sifatida ta’riflagan.

Isroil mudofaa armiyasi «Bayrut hududida „Hizbulloh“ga aloqador bo‘lgan nishonlar bo‘ylab zarbalar yo‘llagani»ni tasdiqlagan. Hujum boshlanishidan bir necha soat oldin TsAHAL o‘z odatiga ko‘ra o‘z rejasi to‘g‘risida ogohlantirib, «yaqin vaqtlar ichida» qaysi hududlar nishon bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib, bu joylardan 500 metr radiusdagi odamlarni zudlik bilan ketishga chaqirgandi.

Aeroport yaqinidagi hudud shanbaga o‘tar kechasi ham Isroil raketalari bilan o‘qqa tutilgandi.

Shanba kuni tongda Isroil qo‘mondonligi «Hizbulloh»ning «tog‘lar, chakalakzorlar va aholi zich yashovchi hududlar»da qurilgan va «portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan» qurol omborlari yo‘q qilingani haqida e’lon qilgandi.

Shanba kuni kechqurun zarbalar yo‘llangan hudud aholisi zarba haqida oldindan ogohlantirilgan, ularga evakuatsiya uchun vaqt berilgan. Shu bilan birga, BBC muxbirlari qayd etishicha, bu hududni tark etishga rozi bo‘lganlarning barchasi allaqachon ketgan va shimolga, Suriya hududiga borib o‘rnashgan.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, «Isroil aviazabalari» tufayli Livandan Suriyaga qochqinlar oqimi kuzatilgan, chegaradan o‘tganlar soni 200-300 ming kishini tashkil etadi.

Juma kuni kechqurun Isroil aviatsiyasi ikki mamlakat chegarasidagi asosiy o‘tish punktiga zarba yo‘llab, amalda avtotransport harakatini to‘xtatib qo‘ydi: endi chegaradan faqat piyoda holda o‘tish mumkin.