1901 yildan buyon topshirib kelinayotgan xalqaro Nobel mukofoti, shubhasiz, ilm-fan va taraqqiyotni targ‘ib qilishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mukofot kashfiyotlar aslida qanday va kimlar tomonidan amalga oshirilgani haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otmayapti? Sovrindorlar asosan G‘arbiy Yevropa yoki AQSh vakillari va ko‘pincha erkaklar ekani inobatga olinsa, g‘oliblarni tanlashda haddan tashqari tarafkashlik qilinmayaptimi, deyiladi DW maqolasida.

Alfred Nobelning ezgu g‘oyasi

Nobel mukofoti shved kimyogari, ixtirochi va tadbirkor, 350 dan ortiq xalqaro darajadagi patent egasi Alfred Nobelning vasiyati bilan ta’sis etilgan. U otasining sharofati bilan yaxshi ta’lim olgan. Alfredning otasi 1830 yillar oxirida Sankt-Peterburgda bir nechta eritish zavodlariga asos solgan, shuningdek, bug‘ mashinalari va minalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Alfred Nobel kimyo va fizikadan tashqari adabiyotga ham juda qiziqardi. Uning butun dunyo bo‘ylab olib borgan ilmiy tadqiqotlari va tadbirkorlik faoliyati, shuningdek, Rossiyadagi qarindoshlarining kompaniyalaridagi ulushi olimga ulkan boylik keltirdi.

Taxminlardan biriga ko‘ra, farzandsiz Nobelni o‘z millionlarini qanday tasarruf etish haqida o‘ylashga majbur qilgan voqea 1888 yilda yuz bergan: fransuz gazetalaridan birida “O‘lim savdogari vafot etdi” nomli nekrolog chop etilgan. O‘shanda Alfred Nobelning akasi Albert hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa-da, jurnalistlar adashib Alfred Nobelning o‘limi haqida xabar tarqatishgan. Xabarda, asosan, tadbirkorning boyligi haqida so‘z yuritilgandi: uning bu qadar boyishiga sabab odamlarni avvalgidan tezroq va ko‘proq o‘ldirish usulini topganida, deyiladi nekrologda. Aynan shu paytda Alfred Nobel kelajak avlodlar xotirasida qanday iz qoldirish haqida o‘ylay boshlagan bo‘lishi mumkin.

Olim 1896 yilda 63 yoshida San-Remodagi villasida vafot etdi. Nobel o‘z vasiyatnomasida deyarli barcha aktivlari maxsus fondga o‘tkazilishi lozimligini aytgan. Bu fond har yili daromaddan olingan foizlarni teng qismlarga bo‘lishi, insoniyatga eng katta foyda keltirgan shaxslarga to‘rt ilmiy yo‘nalishda: fizika, kimyo, fiziologiya yoki tibbiyot, adabiyot, shuningdek, tinchlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun mukofot sifatida muntazam topshirib borishi kerak edi.

Vasiyatnomasida tushuntirilishicha, tinchlik mukofoti xalqlarni birlashtirish, mavjud armiyani tugatish yoki qisqartirish bo‘yicha eng katta yutuqlarga erishgan yoki boshqalardan ko‘ra ko‘proq hissa qo‘shgan, shuningdek tinchlik anjumanlarini tashkil etgan yoki ularga e’tibor qaratgan shaxsga berilishi lozim. Ta’kidlash joizki, tinchlik mukofoti laureatini tanlash odatda ekspertlar va jamoatchilik orasida eng ko‘p savollarni keltirib chiqaradi.