«Milton» sharq tomon 14,5 km/s tezlikda harakatlanmoqda. Shamol tezligi soatiga 287 kilometrga yetgan.
Meteorologlar Florida sohillarida halokatli oqibatlar ro‘y berishi mumkinligidan ogohlantirgan. 9 oktyabr kuni to‘fon to‘la kuch bilan Meksika ko‘rfazi bo‘yidagi aholi tig‘iz yashovchi Tampa (Florida) shahriga yopirilishi kutilmoqda.
Florida aholisidan so‘nggi yillardagi eng keng ko‘lamlisi bo‘lishi kutilayotgan evakuatsiyaga tayyorlanish so‘ralmoqda. Florida gubernatori Ron Desantis vaqt juda kam qolganidan ogohlantirgan.
«Biz maxluq bilan to‘qnashuvga tayyor bo‘lishimiz lozim», — degan Desantis dushanba kungi matbuot anjumanida.

«Milton» to‘foni to‘g‘risidagi ogohlantirish Floridaga yopirilib, AQShning oltita shtatida 200 dan ortiq kishi o‘limiga sabab bo‘lgan «Helen» to‘fonidan 10 kun o‘tib berilmoqda. «Helen» AQShda so‘nggi 19 yillikdagi eng ajalvor tabiat hodisasi bo‘ldi — bundan oldin 2005 yilda «Katrina» to‘foni 2 mingdan ortiq kishini hayotdan olib ketgandi. «Helen» to‘fonidan keyin yana yuzlab kishilar bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Milliy meteorologiya xizmati direktori Ken Grem «Milton» to‘foni birinchidan beshinchi toifaga qadar kuchayganini ma’lum qilgan: so‘nggi 24 soat ichida shamol tezligi 148 km/soatga yetgan.
«Bu kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori uchinchi ko‘rsatkich», — degan u.

To‘fonlar kuchi shamol tezligiga qarab besh ballik shkalada baholanadi. Uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi toifadagilari — qurbonlar va jiddiy talafotga olib kelishi mumkin bo‘lgan vayronkor tabiiy ofatlar hisoblanadi.
Meteorologlar taxminiga ko‘ra, «Milton» to‘foni 8 oktyabr kunidan kuchsizlanishni boshlashi mumkin. Florida sohillariga yetib kelganida, 9 yoki 10 oktyabr kunlari uning toifasi uchinchi darajaga tushadi.
AQSh To‘fonlarni kuzatish milliy markazi (NHC) yaqin soatlarda Floridada tropik yomg‘irlar va suv toshqinlari ro‘y berishi mumkinligidan ogohlantirgan.

















