Texnologiya | 16:55 / 10.10.2024
6282
3 daqiqa o‘qiladi

Qoyadagi fil va jirafa - odamlarni ishontirgan videolar sun’iy idrok mahsuli bo‘lib chiqdi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda fil va jirafaning tog‘ cho‘qqisidan qutqarilishi aks etgan ikkita video keng tarqaldi. Videolar sharhida bu qadar katta jonivorlar qanday qilib tik cho‘qqiga chiqib qolgani haqida savol o‘rtaga tashlanadi. Bu esa internet foydalanuvchilari orasida ko‘plab bahslarga sabab bo‘ldi.

Foto: Videodan kadr

Ammo ko‘p o‘tmay, ushbu videolar sun’iy idrok yordamida yaratilgani ma’lum bo‘ldi.

Videolarning qay darajada haqiqatga to‘g‘ri kelishini tekshirish maqsadida Factly jamoasi butun dunyodagi ommaviy axborot vositalaridan birortasi bu hodisalar xabar bergan-bermaganini aniqlashga kirishdi. Qidiruv davomida ushbu videolar haqida hech qanday ishonchli ma’lumot topilmadi.

Shundan so‘ng ikkala videoning asosiy kadrlaridan foydalanib, internetda teskari tasvir qidiruvi amalga oshirildi. Izlanishlar A Thing Inside nomli YouTube kanaliga yuklangan filni qutqarish videosining asl versiyasiga olib bordi.

Video 2024 yil 2 oktyabr kuni “AQSh politsiyasi qoyada qamalda qolgan filni qutqardi” sarlavhasi bilan joylashtirilgan. Biroq videoning tavsif qismida kontent qanday yo‘l bilan yaratilgani haqida izoh mavjud. Unda shunday ogohlantirilgan: “O‘zgartirilgan yoki sun’iy kontent. Ovoz yoki tasvirlar sezilarli darajada tahrirlangan yoki raqamli tarzda yaratilgan.”

Bunday yorliq YouTube’dagi maxsus funksiya bo‘lib, u kontentda “o‘zgartirilgan yoki sun’iy yaratilgan” kadrlardan foydalanilgani haqida ogohlantiradi. A Thing Inside kanalida shunga o‘xshash ko‘plab videolar bor.

Ushbu izoh u haqiqiy voqeani aks ettirmasdan, raqamli tarzda yaratilganini isbotlaydi. Bundan tashqari, videodagi ko‘plab belgilar uning raqamli yoki sun’iy idrok yordamida yaratilganiga ishora qiladi. Masalan, videodagi odamlar robotsimon tarzda harakatlanadi; ularning yuzlari xira va noaniqligi, qo‘llarining shakli doim o‘zgarib turishi odatda sun’iy idrok tomonidan yaratilgan videolarda kuzatiladi.

Bundan tashqari, videoning bir joyida yo‘q joydan filning dumi paydo bo‘ladi. Ekskavatorning ilgagi ham bir necha kadrlarda turlicha ko‘rinadi, tog‘ yuzasining shakli esa har bir kadrda o‘zgarib turadi.

Ushbu kanalda jirafa videosi topilmagan bo‘lsa-da, undagi belgilar ham kontent raqamli tarzda yaratilganini ko‘rsatadi. Ikkala video Hive Moderation (sun’iy idrok tomonidan yaratilgan kontentni aniqlash vositasi) orqali tekshirildi. Dastur hisobotida har ikkala videoning sun’iy idrok yordamida yaratilgan bo‘lish ehtimoli yuqori ekani aytildi.

Xulosa qilib aytganda, sun’iy idrok har tomonlama odamlarni soxta ma’lumotlarga ishontirib qo‘yishda davom etmoqda. Yuqoridagi videolarga o‘xshash minglab kontentlarni topish mumkin. Ularni fakt-chek qilish esa zamonning muhim talabiga aylanmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid