Payshanbaga o‘tar kechasi Amerikaning Florida shtati g‘arbiy sohillariga yopirilgan «Milton» to‘foni o‘zi bilan 70 metr/soniya tezlikdagi shamol va suv toshqinlari keltirib chiqaradigan kuchli yomg‘irlar bilan birga tornado ham olib keldi. Qutqaruvchilar suv bosgan va vayron bo‘lgan yangidan yangi joylarni tekshirishni boshlagani sayin qurbonlar soni ortib bormoqda.

Payshanba kuni kechqurun CBS telekompaniyasi Florida huquq-tartibot departamentiga tayanib qurbonlar soni 16 nafarga yetganini xabar qildi.

Bungacha bo‘lgan bir necha soat davomida turli manbalar qurbonlar soni to‘g‘risida bir-biridan farqli ma’lumotlar berayotgandi: 10 dan 12 nafargacha.

Besh kishi Sent-Lyusiya okrugidagi kempingda halok bo‘lgan. Sent-Pitersberg shahri rasmiylari ikki kishi o‘limi haqida xabar bergan. Yana bir kishi jasadini qutqaruvchilar qo‘shni okrugda vayron bo‘lgan uy xarobalari ostidan topishgan.

AQSh ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkasning ma’lum qilishicha, Florida shtatida yashovchilarning ayrimlari keng tarqalgan feyklar, xususan, jabrlanganlar yer uchastkalaridan mahrum qilinayotgani haqidagi ma’lumotlar tufayli qutqaruvchilarning yordamini qabul qilishga shoshilmayapti. «Biz odamlar qo‘rquv tufayli yordam olishda ikkilanayotganini kuzatdik», deb shikoyat qildi vazir.

Florida gubernatori Ron Desantis kunning ikkinchi yarmida o‘tkazilgan matbuot anjumani chog‘ida qurbonlar soni haqidagi ma’lumotlar to‘xtovsiz yangilab borilayotgani va shtatda halok bo‘lganlarning jami soni haqidagi umumiy ro‘yxat hali tuzilmaganini ma’lum qilgandi.

Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, 10 oktyabr oqshomiga qadar tabiiy ofat hududidan 340 kishi va 49 uy jonivorlari qutqarib olindi.

THE PALM BEACH POST/Reuters

Hozircha yetkazilgan zarar miqdori bo‘yicha ham aniq baho yo‘q, lekin shunisi aniqki, bu raqamlar kichik bo‘lmaydi.

To‘fon yo‘lida bo‘lgan turar joylar, cherkov binolari, savdo va ofis binolariga jiddiy zarar yetkazilgan.

Sent-Pitersbergda kuchli shamol tufali Yuqori beysbol ligasi stadioni tomi buzilib ketgan, mahalliy gazeta tahririyati joylashgan binoga, qurilish krani qulab tushgan.

Floridaning tabiiy ofat arafasida o‘z uylarini vaqtincha tark etgan aholisiga qaytishga shoshilmaslik tavsiya qilingan.