Rossiya qismlari Borovaya trassasiga chiqqanining rasmiy tasdig‘i yo‘q, ammo shunisi ayonki, u to‘lig‘icha zarba berish masofasida turibdi va Ukraina qurolli kuchlari undan to‘laqonli foydalana olmaydi.

Bu shuni anglatadiki, Rossiya armiyasi amalda Oskol daryosi sharqiy sohilidagi ukrain platsdarmini asosiy kuchlardan uzib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. Endi Kupyanskning sharqiy chekkalarini mudofaa qilayotgan ukrain bo‘linmalari ta’minoti Chuhiyev — Svatove trassasidagi yarim vayrona holatga kelgan ko‘prik orqaligina amalga oshirilishi mumkin. Bunday logistika juda ishonchsiz va ilk aviabomba yoki raketa ko‘prik tayanchiga aniq kelib tushishi bilan u orqali harakatlanish butkul imkonsiz bo‘lib qoladi.

Shuningdek, Rossiya boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda — Kupyanskdan sharqda, janubi-sharqda va shimoli-sharqda ham hujum qilayotgani xabar qilingan.

Xarkiv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov 15 oktyabr kuni «harbiy vaziyat yomonlashgani tufayli» Kupyansk shahrida, shuningdek Kondrashovka, Kurilovka va Borovaya obshchinalarida yashovchi aholi majburiy evakuatsiya qilinishini e’lon qildi.

Kupyansk hududidan ommaviy evakuatsiya 2023 yil yoz-kuzida, Rossiya armiyasining yangi qarshi hujumidan keyin boshlangandi

Urushga qadar 55 mingdan ortiq kishi yashagan Kupyansk aglomeratsiyasi Xarkiv oblastining yirik shaharlaridan biri hisoblangan. Qolaversa, Kupyansk — yirik transport tuguni bo‘lib, bir necha avtotrassa hamda beshta temiryo‘l liniyasi u orqali o‘tgan.

Shahar 2022 yil fevralida, bosqinning ilk kunlaridayoq Rossiya qo‘shini tomonidan bosib olingandi. U harbiy ta’minotda muhim rol o‘ynagan, xususan, Rossiyaning Izyum atrofida jang qilgan guruhi uchun harbiy yuk va qo‘shimcha kuchlar Belgorod oblastidan aynan Kupyansk orqali yetkazilgan.

Ammo 2022 yil sentabrida Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumga o‘tib, Kupyanskni ozod qiladi, natijada Izyum guruhi zudlik bilan chekinishga majbur bo‘ladi, Kupyanskdagi Rossiya qismlari esa Oskol daryosi ortidagi hudud ichkarisiga uloqtirib tashlanadi. 2023 yil yozida Rossiya qo‘shini yana Kupyansk yo‘nalishida hujumga o‘tgandi, ammo, son jihatdan ustunligi va yaxshi qurollanganiga qaramay, «Zapad» guruhi bo‘linmalarining ilgarilashi juda sekin kechdi.