Livan sog‘liqni saqlash vazirligi Bayrut janubida mamlakatning eng yirik shifoxonasiga Isroil tomonidan yo‘llangan aviazarba oqibatida kamida 18 kishi halok bo‘lib, 50 dan ortiq kishi yaralangani, ularning aksari — bolalar ekanini ma’lum qildi. Livandagi muxbirlar xabar berishicha, shifoxona binosi jiddiy shikastlangan, atrofdagi binolar ham vayron bo‘lgan.
Isroillik harbiylar ularning nishoni «Hizbulloh»ning shu atrofdagi pozitsiyasi bo‘lganini aytishgan, ammo bu hudud guruhning doimiy tayanch hududi emasdi.
Dushanba kuni «Hizbulloh» Isroil hududini raketalar bilan o‘qqa tutishda davom etdi, ularning katta qismi tutib qolingan, qolganlari ochiq joylarga qulagan va hech kimga zarar yetkazmagan.
Seshanba kuni guruh harbiy harakatlar davom etarkan, Isroil bilan muzokara o‘tkazmasligini, Isroil asir olgan jangchilari hayoti va salomatligi uchun javobgarligini bildirdi.
«Hizbulloh Isroil bosh vaziri Netanyahuning uyiga qilingan hujum uchun javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga oladi», — dedi Bayrut janubidagi matbuot anjumanida «Hizbulloh» rasmiy vakili Muhammad Afif.
Isroil shanba kuni Netanyahuning uyiga dron uchirilganini xabar qilgandi. Bu vaqtda bosh vazir uyda bo‘lmagan.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken seshanba kuni Isroilga kelib qo‘ndi. Bu ushbu amerikalik diplomatning Isroil va Hamas o‘rtasidagi urush boshlanganidan buyon mintaqaga 11-bor tashrif buyurishidir, Amerika tomoni o‘tgan haftada Hamas yetakchisi Yahyo Sinvar o‘ldirilganidan keyin Yaqin Sharqda o‘t ochishni to‘xtatishga erishishga harakat qilmoqda.
Aftidan, bu natijasi AQShning mintaqadagi siyosatini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan prezidentlik saylovlari oldidan demokratlar ma’muriyatining mojaroni hal qilish jarayonida muvaffaqiyatga erishish uchun so‘nggi urinishi bo‘ladi.
Vashington Hamasning 7 oktyabr kungi hujumi tashkilotchisi hisoblangan Yahyo Sinvar o‘ldirilishi tinchlik o‘rnatish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishiga umid qilmoqda.
Ammo diplomatlar va boshqa manbalar saylovda kim g‘alaba qozonishidan qat’i nazar, Isroil Amerikaning yangi ma’muriyati hokimiyatga kelgunicha o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash uchun harbiy kampaniyasini tezlashtirmoqda.
G‘azoda ham, Livan janubida ham Isroil harbiy amaliyoti yakunlanishidan darak yo‘q.

















