Germaniyaning Paul Erlix nomidagi yuqumli kasalliklarni davolash jamiyati (Paul-Ehrlich-Gesellschaft für Infektionstherapie) prezidenti Matias Plets antibiotiklarning samaradorligi tobora ko‘proq xavf ostida qolayotgani haqida ogohlantirdi. Bu haqda Bild xabar bermoqda.
“Zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan ayrilib, penitsillin kashf etilishidan avvalgi davrga qaytyapmiz”, — dedi Plets.
Bild nashri penitsillin kashf etilishi bilan insonlarning umr ko‘rish davomiyligi oshganini ta’kidladi. Birinchi kashf etilgan antibiotik tufayli odamlar penitsillin kashf etilishidan oldingi davrga nisbatan 30 yil ko‘proq umr ko‘ra boshlagan.
Nima uchun mikroblarning antibiotiklarga chidamliligi oshyapti?
Leybnits instituti mikrobiologi Ivonn Mast Pletsning fikriga qo‘shiladi. Uning aniqlik kiritishicha, tobora ko‘proq bakteriyalar antibiotiklarga chidamli bo‘lib bormoqda, yangi dorilar esa u qadar ko‘p emas.
Maqolada keltirilgan yangi tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra 2050 yilga kelib, antibiotiklarga chidamli infeksiyalar tufayli 39 millionga yaqin odam vafot etishi mumkin. Nashrning qo‘shimcha qilishicha, birgina Yevropa Ittifoqida shu sababdan yiliga 35 mingga yaqin odam vafot etadi.
Yyena universiteti shifoxonasining reanimatologi Frank M. Brunkhorst Bild nashri bilan suhbatda mikroorganizmlarning antibiotiklarga chidamliligi kamida ikkita sabab bilan rivojlanayotganini ma’lum qildi. Birinchidan, kasalliklarni davolash uchun juda ko‘p antibiotiklar buyuriladi. Ikkinchidan, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar olib tashlangach, xorijga sayohatlar keskin oshdi. Ba’zi mamlakatlarda bakteriyalarning antibiotiklarga chidamlilik darajasi ancha yuqori. Misol tariqasida reanimatolog Gretsiya, Portugaliya, Turkiya, Hindiston va ba’zi Osiyo mamlakatlarini tilga oldi.
Frank M. Brunkhorst odamlarni ogohlantirish zarurligini ta’kidladi: ular ta’tildan qaytgach, antibiotiklarga chidamli mikrobni olib kelishi va keksa qarindoshlariga yuqtirishi mumkin, bu esa ularning hayoti uchun xavf tug‘diradi.
Nafas yo‘llariga oid deyarli barcha kasalliklarni davolashda antibiotiklar buyurish shart emas, chunki ularni ko‘pincha bakteriyalar emas, balki viruslar keltirib chiqaradi va bunday dorilar viruslarga qarshi samarasiz hisoblanadi, deb eslatdi Bild. Nashr, shuningdek, sistitni davolashda aksariyat hollarda antibiotiklar buyurilishini ta’kidladi.














