O‘zbekiston | 17:26 / 04.11.2024
1983
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda aholiga yetkazib berilishi kerak bo‘lgan 13 tonna ko‘mir talon-toroj qilindi

“Ko‘mir ta’minot” MChJning Namangan shahri ko‘mir ombori mas’ul shaxslari imtiyozli narxlarda aholiga yetkazib berish uchun ajratilgan 4,1 mlrd so‘mlik ko‘mirni boshqa shaxslarga sotib yuborgani aniqlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ham shu kabi holatlar kuzatilgan.

Foto: Prokuratura departamenti

Respublikaning bir nechta hududida ko‘mir ta’minotidagi talon-torojliklar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, departamentning Namangan viloyati boshqarmasi va DXX xodimlari hamkorligida tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda “Ko‘mir ta’minot” MChJning Namangan shahri ko‘mir ombori mas’ul shaxslari kuz-qish mavsumida imtiyozli narxlarda aholiga yetkazib berish uchun ajratilgan 4,1 mlrd so‘mlik jami 13,3 ming tonna ko‘mirni boshqa shaxslarga sotib yuborib, talon-toroj qilgani aniqlangan.

Shuningdek, “Ko‘mir ta’minot” MChJning Bog‘ot tumani ko‘mir ombori kassiri S.K. haydovchisi E.O. va ombor qorovuli K.M. umumiy bahosi 85,5 mln so‘mlik 276 tonna ko‘mirni ombordan yashirincha olib chiqqan. Ular 900 kg ko‘mirni fuqaro M.X.ga 1 mln so‘mga sotgan vaqtida departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ushbu ko‘mir omborida 345,8 tonna ko‘mir kamomadi ham aniqlangan.

Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa “I.T.S.” MChJ mas’ul shaxslari Taxtako‘pir va Shumanay tumanlaridagi ijtimoiy soha obektlarini issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida ko‘mir xarid qilish uchun budjetdan ajratilgan 1,4 mlrd so‘m mablag‘larning 340,8 mln so‘mini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid