Jamiyat | 11:35 / 06.11.2024
4699
4 daqiqa o‘qiladi

18 yoshli xavfli retsidivist: Namanganda mashina olib qochgan o‘smir ozodlikdan mahrum qilindi

Chust tumanida yashovchi yigit birovning Lacetti mashinasini olib qochgan. U o‘g‘irlagan mashinasini Toshkent shahri tomonga boshqarib kelayotib, Yuqori Chirchiq tumani hududida YTHga uchragan. Yigit bungacha ham ikki marta – 2022 yil va 2023 yil ayni shu turdagi jinoyatga qo‘l urib, sudlangani hamda xavfli retsidivist deb topilgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Namangan viloyatining Chust tumanida birovning mashinasini olib qochgan voyaga yetmagan A.A. jinoiy jazoga tortildi. U avval ham shu turdagi jinoyatni sodir qilgan.

Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, A.A. 2006 yilda To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. U jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tuman sudining 2022 yil 16 dekabrdagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 267-moddasi (Transport vositasini olib qochish) 2-qismining “a” bandi bilan Jinoyat kodeksining 85-moddasini qo‘llagan holda 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tuman sudining 2023 yil 13 oktyabrdagi hukmi bilan ayni shu turdagi jinoyatni sodir qilgani uchun ikkinchi bor 2,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilgan. Sudning 2024 yil 30 apreldagi ajrimiga asosan o‘talmay qolgan 1 yil 7 oy 12 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.

Ammo A.A. oradan ko‘p o‘tmay – 2024 yil 7 iyul kuni uchinchi bor shu turdagi jinoyatga qo‘l urgan. U xavfli retsidivist bo‘lgani holda Chust shahar, “Do‘stlik” MFY, Yoshlik ko‘chasidagi uylardan birining oldida turgan, fuqaro A.B.ga tegishli Lacetti mashinasini olib qochgan.

Mashinani o‘t oldirib, harakatga keltirgan A.A. uni Toshkent shahri tomon boshqarib ketgan. Biroq “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining Yuqori Chirchiq tumanidan o‘tgan qismida mashinani temir to‘siqqa urib, YTH sodir qilgan. Oqibatda mashinaga qariyb 25 mln so‘mlik zarar yetgan.

A.A. sudda qonuniy vakili ishtirokida so‘ralganda, aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.

Chust tumani, “Do‘stlik” MFY yonidan o‘tib ketayotsam oq rangli Gentra turgan ekan. Mashina eshigi ochiq holatda edi. Atrofda hech kim yo‘qligi uchun mashinaga o‘tirib, uni boshqargan holda “Chust-Namangan” yo‘nalishidagi “Qodirobod” gaz to‘ldirish shoxobchasi oldiga bordim. Keyin shu yerdan ortga, Chustga qarab qaytdim. Chust shahrida biroz aylanib, soat 00:30 larda Toshkent shahriga qarab yo‘lga chiqdim. Mashinani boshqarib, Namangan YPX maskanidan YPX xodimlariga bildirmasdan o‘tib oldim. Yuqori Chirchiq tumani xududidagi “betonka” yo‘ldan harakatlanib ketayotib, charchab uxlab qolibman. Boshqaruvni yo‘qotib, mashinani yo‘l o‘rtasidagi temir to‘siqqa urdim.

So‘ng yo‘lovchi haydovchilar meni Toshkent shahriga kirishdagi postga olib borishib, YPX xodimlariga topshirishdi. Keyin IIB binosiga olib borishdi”, degan u ko‘rsatmasida.

Sud hukmi bilan A.A. Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 85-moddasini qo‘llab, o‘talmay qolgan jazosini ham qo‘shgan holda 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Mavzuga oid