Rossiya razvedka xizmatlari AQSh va Kanadaga yuk reyslarida portlashlar tayyorlagan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Polsha milliy prokuraturasi matbuot kotibi Pjyemislav Novak ma’lum qildi. Uning 8 noyabr, juma kuni aytgan so‘zlarini Reuters agentligi keltirgan.
Iyul oyida Buyuk Britaniya, Germaniya va Polshadagi kurerlik xizmati omborlarida posilka portlashlari sodir bo‘ldi. Polsha milliy prokuraturasining fikricha, dastlab rejaning bir qismi yukni havoda portlatish bo‘lgan.
«Ish bo‘yicha to‘plangan dalillar muhokama qilinayotgan qo‘poruvchilik... Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan ilhomlantirilgani ehtimoli yuqori ekanligini ko‘rsatadi», — dedi Novak.
Rossiyaning Varshavadagi elchixonasi Reuters agentligining izoh taqdim etish haqidagi so‘roviga javob bermadi. Avvalroq Rossiya voqealarga aloqadorligini rad etgan edi.
Polsha rasmiylari RFning ikki fuqarosini qidirmoqda va to‘rt ukrainlikni ushladi
Novakning so‘zlariga ko‘ra, Polsha rasmiylari ikki Rossiya fuqarosini qidirmoqda va tergov doirasida to‘rt ukrainalikni qo‘lga olgan.
Oktyabr oyida prokurorlar Rossiya nomini to‘g‘ridan to‘g‘ri aytmasdan, «xorijiy razvedka» aralashuvini tekshirayotganini bildirgandi.
Hozirda «yuqorida tilga olingan xalqaro guruhga aloqador qolgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha jadal choralar ko‘rilmoqda», — deya aniqlik kiritdi Novak 8 noyabr kuni. «Ushbu harakatlar Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlari huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda», — deya qo‘shimcha qildi u.
Posilkalar, prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Litva poytaxti – Vilnyusdan jo‘natilgan.
Kanadaning Moskvadagi dipmissiyasi rahbari o‘rinbosari RF TIVga chaqirildi
Ayni vaqtda, 8 noyabr kuni Kanadaning Moskvadagi diplomatik missiyasi rahbari o‘rinbosari Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi, deya xabar beradi Rossiya idorasi.
Unga, Moskvaning fikriga ko‘ra, portlovchi moddalarni pochta orqali, shu jumladan Kanadadagi oluvchilarga jo‘natish orqali NATO davlatlariga qarshi «go‘yo rejalashtirilgan Rossiya diversiyalari» yuzasidan «yolg‘on» ayblovlar munosabati bilan rasmiy nota topshirildi.

















