Joriy yil 7 noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Saudiya Arabistoni podshohligi Bosh prokurori Shayx Saud Abdulloh Al-Muajib o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, muloqotda tomonlar huquqiy hamkorlik masalalari, ikki davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilgan.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Saudiya Arabistoni prokuraturasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Saudiya axborot agentligining xabar berishicha, memorandum – terrorizm va uni moliyalashtirish, noqonuniy daromadlarni legallashtirish, ayniqsa uyushgan jinoyatchilikka doir jinoyatlarning surishtiruvlari borasida hamkorlik qilishga qaratilgan. Shuningdek, kelishuvda o‘zaro manfaatdor bo‘lgan sohalarda axborotlar almashinuviga ko‘maklashish, huquqiy sohadagi tadqiqotlar hamda ikki prokuratura organlari o‘rtasida ilmiy-amaliy mashg‘ulotlarni tashkil qilish nazarda tutilgan.

«Tashrif maqsadi Saudiya Arabistoni prokuraturasi va uning o‘zbekistonlik hamkasbi o‘rtasidagi xalqaro sud aloqalarini mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish va ilg‘or xalqaro huquqiy tajribani ilgari surish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishdan iborat», – deyiladi agentlik xabarida.