Suxumida Abxaziya parlamenti binosi oldida huquq-tartibot organlari xodimlari hamda respublika hukumatining Rossiya bilan investitsiya kelishuvi ratifikatsiya qilinishiga qarshi norozilik namoyishi ishtirokchilari o‘rtasida to‘qnashuv ro‘y berdi, deb xabar bermoqda mahalliy Respublisa va «Exo Kavkaza» telegram-kanallari.

15 noyabr tongida, deputatlar Suxumi va Moskva o‘rtasidagi investitsiya kelishuvi loyihasini ko‘rib chiqish uchun yig‘ilganida yuzlab namoyishchilar Abxaziya parlamenti binosiga kelishgan. Xabar qilishlaricha, odamlar abxaz–rus munosabatlarini mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlash belgisi sifatida aksiyaga o‘zi bilan Abxaziya va Rossiya bayroqlarini keltirishgan.

Muxolifat yetakchilaridan biri, «Abxaz xalq harakati» jamoat tashkiloti yetakchisi Adgur Ardzinbaning aytishicha, bir guruh deputatlar spikerning oldiga borib, investitsiyalar bo‘yicha bitimni ratifikatsiya qilish masalasini kun tartibidan olib tashlashni talab qilishgan. U shuningdek, respublika rahbariyatini «xalqni ikkiga bo‘luvchi barcha o‘tkir masalalarni 2025 yilgi saylovlardan keyin qoldirish»ga chaqirgan. «Agar hukumat bunga rozi bo‘lmasa, yaqin kunlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar uchun javobgarlik to‘lig‘icha Abxaziya prezidenti Aslan Bjaniya va uning atrofidagilar zimmasida bo‘ladi», — degan u.

Yakunda parlament kun tartibini tasdiqlamagan, 15 noyabr kungi sessiya bekor qilingan. Ammo namoyishchilar deputatlardan sessiya o‘tkazish va bitim loyihasini tasdiqlashga qarshi ovoz berishni talab qilishgan.

Ko‘p o‘tmay parlament binosi oldida namoyishchilar va binoni qo‘riqlash uchun jalb etilgan politsiyachilar o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqqan. Aksiya ishtirokchilari kuchishlatarlarga tuxumlar uloqtirishgan, shuningdek, bino atrofidagi to‘siqni yuk mashinasi orqali buzib o‘tib, hududga bostirib kirishgan.

Bunga javoban huquq-tartibot organlari xodimlari ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz sepishgan, shuningdek, olomonga qarata tutunli granatalar uloqtirila boshlangan. Kuchishlatarlar o‘t o‘chirish xizmati mashinalari bilan parlament hududiga kirish yo‘lini to‘sishga uringan.

Xabar qilinishicha, parlament hududida o‘q ovozlari ham eshitilgan. Suxumi shahri tez yordam xizmati bosh shifokori RIA Novosti muxbiriga parlament binosi oldidagi aksiyada ikki kishi jarohatlangani to‘g‘risida ma’lumot bergan. Ularning jarohatiga o‘qotar qurol qo‘llangani sabab bo‘lgani yoki yo‘qligi aniq emas.

Respublisa xabariga ko‘ra, namoyishchilar qarshisiga prezident Aslan Bjaniyaning qo‘riqlash xizmati boshlig‘i chiqib kelgan va namoyishchilarning talablarini unga yetkazishga va’da bergan. Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Robert Kiut ham namoyishchilar bilan muzokara o‘tkazishga uringan. Shundan keyin namoyishchilar hukumat binolari kompleksini, jumladan respublika prezidenti administratsiyasi binosini o‘rab olishgan. Respublisa xabariga ko‘ra, aksiyada bir necha ming kishi ishtirok etmoqda.